Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida fermer xo‘jaligi yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chiroqchi tuman bo‘limi tomonidan tuman kadastr bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “Mustaqillik” MFYdagi “B.J.” fermer xo‘jaligiga “Paxta-g‘allachilik” va “Chorvachilik-bog‘dorchilik” yo‘nalishi uchun ijaraga berilgan yer maydonining 48 sotixini 4 nafar fuqaro o‘zboshimchalik bilan egallab olib, uy-joy qurayotgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 229-1-moddasi (yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)