Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga Rossiya nefti narxini bir barrel uchun 60 dollar qilib belgilashni taklif qildi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Chora kuchga kirishi uchun blokka a’zo 27 davlatning barchasi taklifni tasdiqlashi kerak. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, YIga a’zo davlatlar o‘rtasida barrel uchun 60 dollar darajasi bo‘yicha konsensus allaqachon mavjud va Yevropa Ittifoqi narx chegarasi shu darajada belgilanishiga ishonadi.
YI G7 mamlakatlari bilan birgalikda Rossiya neftiga chegara narxini belgilashga kelishib olgani sababli, Yevropa davlatlarining qarori ham G7 tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Narx chegarasi Yevropa Ittifoqining Rossiya neftini dengiz orqali import qilishga qo‘ygan embargosi bilan birga 5 dekabrdan kuchga kirishi kerak.
Ta’kidlanishicha, mazkur chora Kremlning neft daromadlarini qisqartirish va global ta’minotni barqaror saqlashga qaratilgan.
Mavzuga doir: Rossiya neftining narxi Yevropa Ittifoqi taklif qilgan chegaradan ham pastroqqa tushib ketdi — Bloomberg
Izoh (0)