Toshkent shahri Olmazor tumanida yangi tajriba sifatida tibbiyot xodimlari ish samaradorligini baholash reyting tizimi asosida rag‘batlantiriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Olmazor tumani topshiriqlar ijrosi bo‘yicha namuna bo‘layotgan hududlardan hisoblanadi. Tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi va oilaviy poliklinikalarda pilot loyihalar ishga tushirilgan bo‘lib, ularning dastlabki samaralari ko‘zga tashlanyapti.
Tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinikalarda 149 ta o‘ringa ega kunduzgi shifoxonalar 8:00 dan 20:00 gacha ishlamoqda. Natijada yil boshidan beri 4 ming nafardan ortiq fuqaro sog‘lomlashtirildi. Mazkur ishlarning davomi sifatida tumanda joriy yil so‘nggiga qadar 6 ta, 2023-yilning dastlabki 6 oyida 30 ta mahalla tibbiyot punkti ishga tushiriladi.
Birlamchi tibbiy xizmat samaradorligini ta’minlashda elektron poliklinika tizimining ahamiyati ham beqiyos. Uni joriy etish uchun tuman poliklinikalari kompyuter jihozlari bilan ta’minlanib, lokal tarmoq shakllantirildi.
Tuman birlamchi tibbiyot muassasalarida mutaxassislar ish samaradorligini baholash reyting tizimini joriy etish bo‘yicha pilot rejimda ishlayotgan O‘zbekistondagi ikki muassasasidan biri hisoblanadi (ikkinchisi Uychi tumani).
Unga ko‘ra, Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasidan yo‘naltiriladigan mablag‘ 5 foizdan 10 foizga ko‘tarildi. Avval jamg‘arma mablag‘ining 25 foizi mutaxassislarni rag‘batlantirishga sarflangan bo‘lsa, endi mazkur ko‘rsatkich 75 foizga yetdi.
Tumandagi birlamchi tibbiyot muassasalarining to‘rt oylik natijalariga ko‘ra, jami mutaxassislarning 29 foizini rag‘batlantirish prognoz qilinmoqda. Ko‘rsatkichlar ish samaradorligi oshib borgani sari o‘zgarib boradi. Bu esa xodimlar o‘rtasida raqobat muhitini yaratadi va tibbiy xizmat sifatini oshiradi.
Ushbu reyting asosida rag‘batlantirish 2023-yil 1-fevraldan boshlanadi. Reyting har olti oyda yangilab boriladi.
Izoh (0)