27-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan dunyoning eng xavfli narkobaroni Pablo Eskobar buyrug‘i bilan portlatilgan samolyot, “Nevskiy ekspress” tezyurar poyezdida terakt hamda sovet hukumatiga qarshi boshlangan Slutsk qo‘zg‘oloni oid faktlar o‘rin olgan.
Prezidentlikka nomzod: Bogotada samolyotni portlatib yuborgan Eskobar
1989-yil 27-noyabr kuni Kolumbiya poytaxti Bogotada Boeing 727 samolyoti portlab ketgandi. Fojia oqibatida 110 kishi halok bo‘lgan — bu giyohvand moddalar bilan savdosi bilan shug‘ullanuvchi Pablo Eskobarning odamlari tomonidan tayyorlangan terakt edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u siyosatchi Sesar Truxilyoni o‘ldirishni istagan, natijada esa Truxilyo Kolumbiya prezidentiga aylangan va avvaliga o‘tgan asr oxirlarining eng qudratli va qonxo‘r jinoyatchisi hisoblangan Pobloning hibsga olinishiga, keyinroq o‘ldirilishiga erishgan.Eskobar qanday qilib ko‘tarilgandi?
XX asr oxirlarida butun dunyoda kolumbiyalik Pablo Eskobardan xavfliroq inson yo‘q edi. Kolumbiyadagi qashshoq shaharda dunyoga kelgan yigit, dunyo miqyosidagi gangster sifatida ajoyib karyera qurishga muvaffaq bo‘lgan. Eskobar ismi hozirga qadar tarixdagi eng yirik narkotrafik bilan birga tilga olinadi. Aslida esa u jinoyat olamiga avtomobillarni o‘g‘irlash, ko‘cha jinoyatlari va reketlar uyushtirish bilan kirib kelgan.
Narkobiznesni avvaliga “mayda ishdan”, ya’ni marixuanadan boshlagan. Kokain savdosi bilan shug‘ullanish g‘oyasi uni Medelindagi, keyinchalik butun dunyodagi eng badavlat insonga aylantirgan. Ma’lumki, Medelin kokain karteli nafaqat Kolumbiya, balki butun dunyoni qo‘rquvga solgan. Eskobar politsiya, sudya va amaldorlarni sotib olgan. Raqiblari va boyligini bo‘lishishni istamaganlarni ayanchli ahvolga solgan. Shu bilan birga, qashshoqlar uni xuddi Robin Guddek yaxshi ko‘rgan. 1979-yilda endigina 30 yoshga to‘lgan Eskobar jinoiy dunyo va butun Kolumbiya jamiyatining eng obro‘li kishisiga aylangan.
Chekka hududlardagi minnatdor aholi farzandlariga uning ismini qo‘ygan, Eskobarning o‘zi esa prezidentlik kursisini orzu qilgan va siyosiy faollikni boshlab yuborgan. Hukumat narkosavdogarlar to‘dasini tugatish uchun ancha ter to‘kkan. Eskobarga yaqin bo‘lgan bir necha kishi AQSHga ekstraditsiya qilingan, uning o‘zi esa yashirinishga va muntazam boshpanasini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Alamzada narkobaron hatto amerikaliklarga topshirilmasligi kafolati uchun taslim bo‘lishga rozi bo‘lgan. Hukumat bunday shartni qabul qilmagach, Eskobar qasos olishni boshlagan.
1990-yilgi prezidentlik saylovlari kampaniyasi Kolumbiyada dahshatli tushga aylangan. 1989-yil 16-avgust kuni Eskobarning killerlari Oliy sud sudyasi Karlos Valensiyani, ertasi kuni politsiya polkovnigi Valdermar Konteroni o‘ldirgan. 18-avgust kuni saylovoldi mitingida mashhur siyosatchi, Liberallar partiyasidan nomzod Luis Karlon Galan otib ketilgan — u prezidentlikka saylansa, mamlakatni narkosavdogarlardan tozalashga va’da bergan. Yana ikki nomzod ham 1990-yil bahorida yollanma qotillar tomonidan o‘ldirilgan.
Bogotada jangovar harakatlar teatri yuzaga kelgan: Kolumbiya poytaxtida portlashlar boshlangan, ko‘chalarda otishmalar to‘xtamagan. O‘nlab odamlar halok bo‘lgan, yana yuzlab inson yaralangan. Bu kabi voqealarning eng qo‘rqinchlisi 1989-yil 27-noyabr kuni Bogota osmonida yuz bergan: Boeing 727 bortiga olib kirilgan bomba 101 nafar yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosining umriga zomin bo‘lgan.
Avianca aviakompaniyasining samolyoti Bogotadan Kaliga muntazam ichki reyslarni amalga oshirish bilan shug‘ullanib kelgan. Soat 07:11 da avialayner aeroport uchish yo‘lagidan ko‘tarilgan va balandlikka chiqa boshlagan. Besh daqiqa o‘tgach, 4 kilometr balandlikda salonning orqa qismida bomba portlagan. Uning ortidan yana bir kuchli portlash ro‘y bergan: buni yonilg‘i bug‘lari hosil qilgan. Ikkinchi portlash avialaynerni parchalab yuborgan bo‘lib, uning bo‘laklari Soacha shahri yaqinidagi tog‘ yonbag‘riga sochilib ketgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, samolyot havoda portlagan va Bogotadan taxminan 12 kilometr janubi-g‘arbiy yo‘nalishdagi tepalikka qulagan.
“Men portlashlarni eshitdim va elektrostansiyadagi transformatorda qandaydir muammo yuzaga keldi deb o‘yladim. Ammo boshimni yuqoriga ko‘targanimda, havoda samolyot portlab ketdi, odamlarning jasadlari va yuk chamadonlarining bo‘laklari yerga tusha boshladi”, — deya eslaydi guvohlardan biri Mario Vaskes.
Radioga sirli qo‘ng‘iroq
Bir necha soatdan keyin Caracol radiosiga noma’lum erkak qo‘ng‘iroq qilib, portlash bo‘yicha mas’uliyatni noqonuniy giyohvand moddalar aylanmasi bilan shug‘ullanuvchi guruh o‘z zimmasiga olishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, terakt besh nafar politsiyachini yo‘q qilish maqsadida o‘ylab topilgan. Bu odamlar huquq-tartibot organlariga Medelin narkokarteli yetakchining qo‘lga olinishiga sabab bo‘lgan ma’lumotlarni berib kelgan.
Shuningdek, Eskobar boshchiligidagi narkosavdogarlarnign asosiy nishoni Kolumbiyaning o‘ldirilgan sobiq prezidenti Galanni Liberallar partiyasidan davomchisi Sesar Gavria Truxilyo bo‘lgan, deya hisoblangan. Biroq so‘nggi daqiqalarda va e’lon qilinmagan sabablarga ko‘ra, u parvozdan qolgan. Truxilyo omon qolgan, saylovlarda g‘alaba qozongan va Eskobarning yo‘q qilinishiga erishgan. Ammo bularning barchasi keyin sodir bo‘lgan, 1989-yil kuzi oxirida esa butun dunyo medelinliklarning shafqatsizligidan yana bir bor dahshatga tushgandi.
Tergov davomida bombani samolyot bortiga ishbilarmon inson ko‘rinishidagi erkak va uning sherigi olib kirgani aniqlangan. Ular yonilg‘i baki yonidan yonma-yon joy olgan. So‘nggi daqiqalarda jinoyatchi salonni tark etgan. Uning yordamchisi esa qolgan va boshqalar bilan birga halok bo‘lgan.
Bundan tashqari, Medelin jinoiy guruhi yetakchisining shaxsiy killeri, “Papay” laqabli Jon Xayro Velaskes ham teraktning asosiy tashkilotchilaridan biri hisoblangan. U kamida 3 ming kishining o‘limiga aloqador hisoblangan, biroq u o‘zini qonxo‘r Eskobar qo‘lidagi qurbon va qurol hisoblanadi. 1992-yilda “Popay” hukumatga taslim bo‘lgan, ammo unga nisbatan faqat prezidentlikka nomzod Galanning o‘ldirilishi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Belgilangan 30 yil qamoq jazosining 23 yilini o‘tirib chiqqan killer 2014-yilda ozodlikka chiqqan.
“Nevskiy ekspress” poyezdining halokati
2009-yil 27-noyabr kuni soat 21:35 da Novgorod va Tver viloyatlari chegarasida temiryo‘lda sodir bo‘lgan portlash oqibatida “Nevskiy ekspress” tezyurar poyezdining uchta vagoni relsdan ag‘darilib ketgandi.Halokat vaqtida poyezdda 682 kishi bo‘lgan, ularning 661 nafari yo‘lovchilar bo‘lsa, 21 nafari poyezd brigadasi xodimlari edi. Portlatilgan poyezdni to‘xtatgan mashinist zudlik bilan dispetcherga sodir bo‘lgan holat to‘g‘risida bildirgi bergan, biroq fojia aholi punktidan ancha uzoq hududda yuz bergani tufayli yordam 1,5—2 soatdan keyin yetib kelgan.
Halokat joyidan yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish uchun “Sapsan” tezyurar poyezdi jo‘natilgan va u 28-noyabr soat 03:15 da 529 yo‘lovchini Sankt-Peterburgga olib kelgan. Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishga 770 kishi va 152 ta texnika jalb etilgan.
“Nevskiy ekspress” vagonlarining qulashi oqibatida 28 kishiga halok bo‘lgandi, shuningdek, 132 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Halok bo‘lganlar orasida “Rosrezerv” rahbari Boris Yevstratikov, Sankt-Peterburgdan saylangan sobiq senator, “Avtodor” davlat kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Sergey Tarasov ham bor edi. “Rossiya temir yo‘llariga” yetkazilgan umumiy zarar 187 million rublni tashkil etgan.
Portlash oqibatida mazkur yo‘nalishda qatnovchi 60 ta poyezdning harakatlari to‘xtatilgan, ular jami 27 mingdan ortiq yo‘lovchini tashishi kerak edi. Terakt — halokat yuzaga kelishining asosiy versiyasi edi, chunki hodisa guvohlarining ko‘pchiligi vagonlar qulashi vaqtida “portlash va chaqnash”ni eshitib, ko‘rganini aytgan. Poyezd qulagan joydan o‘lchami 1,5 metrga 1 metrli o‘ra aniqlangan, bu vagonlarning relsdan chiqib ketishiga sabab bo‘lgandi.
28-noyabr kuni soat 14:30 da “Nevskiy ekspress” halokati joyida ikkinchi portlovchi qurilma ishga tushgan. Portlash Rossiya Bosh prokuraturasi huzuridagi Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastirkin boshchiligida favqulodda holat joyini ko‘zdan kechirish vaqtida ro‘y bergan. Ekspertiza davomida portlovchi qurilmalar mobil telefon orqali ishga tushirilgani aniqlangan.
Portlash oqibatida Aleksandr Bastirkin bosh miya chayqalishi jarohatini olgan, shuningdek, uning yonida bo‘lgan Moskva viloyatlararo transportda tergov boshqarmasi boshlig‘i Sergey Zabaturin va Novgorod viloyati bo‘yicha tergov qo‘mitasi rahbari Konstantin Karasev ham jarohatlangan.
Federal xavfsizlik xizmati Moskva—Sankt-Peterburg yo‘nalishida qatnayotgan poyezd halokati yetti kilogramm trotil ekvivalentiga teng qo‘lbola portlovchi qurilma oqibatida sodir etilganini tasdiqlagan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hodisaning issiq izidan poyezdni portlatgan bir necha gumonlanuvchining fotoroboti tuzilgan. Tergov davomida 250 dan ortiq sud ekspertizasi o‘tkazilgan, shuningdek, jinoyatning amalga oshirilishiga sabab bo‘lgan barcha holatlarni aniqlash bo‘yicha qator tergov harakatlari o‘tkazilgan.
Ekspertizada aniqlanishicha, “Nevskiy ekspress”ning hayot uchun xavfli jarohatlarni olgan barcha yo‘lovchilar oxirgi vagonda ketayotgan bo‘lgan. Oxirgi vagon portlash epimarkazidan eng uzoqda joylashgan edi. Biroq yo‘riqnomaga muvofiq mashinist portlashdan keyin favqulodda tormozlanishni amalga oshirganidan keyin soatiga 190 kilometr tezlikda harakatlanayotgan tarkibning dum qismi og‘ishni boshlagan.
Dastlabki to‘qqizta vagonga hech narsa qilmagan. 2, 3 va 4-vagonlarga yon tarafga qulagan. Oxirgi vagon esa ajralib chiqib, relsdan ko‘tarilgan, elektr tarmog‘ining uchta beton ustunini buzib o‘tib, ag‘darilgan. Bu esa yo‘lovchilar orasida ommaviy qurbonlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Tergov davomida portlashga aloqador yetti kishining shaxsi aniqlangan — ular “Said Buryatskiy” laqabi bilan tanilgan Aleksandr Tixomirov, Bahoudin Dalgiyev, Osman Ujakov va to‘rt aka0uka Kartoyevlar. Gumonlanuvchilarning barchasi 2010-yil 2-mart kuni Ingushetidagi “Ekajevo” qishlog‘ida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida yo‘q qilingan.
Kuch tuzilmalari vakillari ekspressning qulashini tashkillashtirishga aloqador yana 10 kishini hibsga olgan — Zelemxon Aushev va Kartoyev familiyali to‘qqiz kishi. Gumonlanuvchilar qo‘lga olinish vaqtida qarshilik ko‘rsatgan, oqibatda Tergov qo‘mitasi tergovchisi Sergey Vasyukovich halok bo‘lgan.
2011-yil 27-iyul kuni jinoyat ishi materiallari Tver viloyati sudiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. 2012-yil 22-may kuni esa 10 nafar ayblanuvchi 7 yildan umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.
Belarusda qurolli qo‘zg‘olon
1920-yil 27-noyabr kuni Belarus Xalq Respublikasi tarafdorlarining sovet hukumatiga qarshi Slutsk qo‘zg‘oloni boshlangan edi. Belaruslar bolsheviklar qo‘shinlariga bir oy davomida faol qarshilik ko‘rsatgan.Bu vaqtda polyak va sovetlar urushi davom etardi. Slutsk shahri bir necha bor qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan va oxir-oqibat 12-oktabrdagi kelishuvga qadar neytral zonaga aylangan. U baribir bolsheviklar hukmronligi ostiga o‘tishi kerak edi. Ular harbiy kommunizmning qattiq siyosatini yuritgan, shu sababli qo‘zg‘olonni harakatga keltirgan kuch mustaqil Belarus g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan dehqonlar edi. Bundan tashqari, ruslar va polyaklar o‘rtasida mamlakatni yana bo‘lib olish rejasi norozilik keltirib chiqargan. Belaruslarning bunga qarshi turishi uchun faqat tashkilotchilik yetishmagan.
Slutskning o‘zida yurist Pavel Javrid rahbarligi ostida Belarus milliy qo‘mitasi o‘z ishini qayta boshlagan. 14-noyabr kuni Sluchchinada milliy syezd o‘tkazilib, delegatlar Belarus Xalq Respublikasining hokimiyatini tan olgan va sovet bosqiniga qarshi chiqish qilgan. Syezdda Sluchchina Kengashi tanlangan, Javridga esa harbiy qo‘mondonlik vazifasi yuklatilgan. Belarus xalqini etnik chegaralar uchun mustaqillikka chorlovchi deklaratsiya ham o‘shanda e’lon qilingandi. Slutsk o‘lkasida umummilliy safarbarlik e’lon qilingan va ikkita polk shakllantirilgan. Uning huzurida harbiy gospital va sud faoliyat yuritgan.
Kengash harakatlari norozilik namoyishlarini o‘tkazishni boshlagan belaruslar tomonidan jiddiy qo‘llab-quvvatlangan. Grodnodan isyonchilar “Vatan yashashi uchun o‘lishga ketganlar” yozuvi tushirilgan bayroqni qabul qilib olgan.
Sovet qo‘shinlari bilan birinchi urush 27-noyabr kuni boshlangan. Belaruslarga Qizil armiyaning Omsk diviziyasi qarshilik ko‘rsatgan, biroq ular tarqalishga tushgan — bolsheviklarning agrar siyosatidan hafsalasi pir bo‘lgan harbiylar isyonchilar safiga borib qo‘shilgan yoki urushda ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan. O‘shanda belaruslarga qarshi latviyalik va xitoyliklardan shakllantirilgan kattaroq qurolli qo‘shin yuborilgan. Isyonchilar ularni ushlab tura olmagan, chunki muhim partizan harakati joylashtirilganiga qaramay, ularda odam, dori-darmon, qurol va o‘q-dorilar kam edi.
31-dekabr kuni Slutsk brigadasi polyaklar tomonidan chekinishga majbur bo‘lgan. Polyak chegarachilari ularni qurolsizlantirib, tarqatib yuborgan. Qo‘zg‘olon ishtirokchilarining bir qismi Slutskka qaytib, u yerda bolsheviklar tomonidan qatag‘on qilingan, qolganlari partizan o‘rmon otryadlariga qo‘shilgan va 1930-yillargacha faol qarshilik ko‘rsatgan.
Belaruslar 27-noyabrni Qahramonlar kuni sifatida nishonlab keladi, biroq bu kun davlat darajasida belgilanmagan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)