Ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘ona viloyati ichki ishlar binosi oldida fuqaro nega o‘zini yoqmoqchi bo‘ldi?” sarlavhali videoxabar tarqalgandi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi holatni o‘rganib chiqib, ma’lumot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 15-noyabr kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.A. (IIB oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayolning qizi) Farg‘ona shahridagi mehmonxonalarning birida 2 250 000 so‘m pul evaziga 4 nafar shaxsga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berib, kelishilgan pullarni olgan vaqtida xolislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, fuqaro M.A. voyaga yetmagan D.F. va X.M. ni o‘ziga moddiy jihatdan qaram qilib, yashash uyida tutqunlikda saqlab, erkak mijozlarga moddiy manfaat evaziga jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan M.A. ga nisbatan Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 1-qismi hamda 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 16-noyabr kuni Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvidan kelib chiqib, 19-noyabr kuni ayblanuvchi M.A.ning boshqaruvida bo‘lgan Malibu transport vositasi Farg‘ona shahri Alisher Navoiy ko‘chasi 30-uy yonida turgani aniqlanib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 2 dona pichoq va boshqa buyumlar daliliy ashyo tariqasida olinib, avtomashina qonuniy egasi A.M.ga tilxat orqali topshirilgan.
Shuningdek, IIB binosi oldida o‘zini yoqmoqchi bo‘lgan ayol bilan boshqarma rahbariyati suhbatlashib, holat yuzasidan tushuntirishlar bergan.
Izoh (0)