Rossiya Davlat Dumasi deputatlari rossiyalik harbiy asirlarning o‘ldirilishi aks etgan videorolik yuzasidan bayonot qabul qildi, deb yozmoqda Meduza.
Bayonotda qayd etilishicha, video “Kiyev hukumatining natsistlik mohiyatini tasdiqlaydi”. Deputatlar Ukrainani harbiy asirlarni qasddan o‘ldirishda aybladi, shuningdek, bunday harakatlar xalqaro gumanitar huquqqa zid ekanini eslatdi.
Davlat Dumasi deputatlari dunyo davlatlari parlamentlarini Kiyev rejimining jinoyatlarini so‘zsiz qoralashga, g‘ayriinsoniy qotillikning bevosita aybdorlari hamda ularning homiylarini javobgarlikka tortishga yordamga chaqiradi, — deyilgan bayonotda.Deputatlar “kollektiv G‘arb”ni “bugungi Ukrainaning neonatsist mafkurasini” qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishga chaqirdi. Ularning fikricha, Ukraina hukumati “provokatsiyalar va zo‘ravonlikni kuchaytirish orqali dunyoni global falokat sari undamoqda”.
18-noyabr kuni Rossiya va Ukrainaning Telegram-kanallari Ukraina askarlari tomonidan kamida o‘n nafar rossiyalik harbiyning o‘ldirilishi aks etgan videolarni tarqatdi. Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Olga Stefanishina Kiyev video yuzasidan tergov o‘tkazishiga va’da berdi. Kreml ta’kidlashicha, “bu jinoyatni sodir etganlarni” Rossiyaning o‘zi qidiradi.
15-noyabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hisobot e’lon qildi, unda Ukraina harbiy xizmatchilari rossiyalik asirlarni qiynoqqa solib, ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘layotgani aytilgan.
Izoh (0)