Polsha Ukraina raketasi mamlakat sharqida qulagani uchun Rossiyaga qarshi urush boshlashni xohlamaydi. Bu haqda Polsha prezidenti Anjey Dudaga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
“Ishoning, men juda ehtiyotkorman. Hodisada ruslarni ayblamayman. Menimcha, urushda har ikki tomon bir-birini ayblaydi. Sizningcha, menga Rossiya bilan urush kerakmi? Yo‘q. Rossiya bilan urushni xohlamayman va juda ehtiyotkorman”, — dedi Duda.
U aynan shu sababli NATO nizomining jamoaviy mudofaa to‘g‘risidagi beshinchi modda haqida gapirmagani, faqat asosiy shartnomaning to‘rtinchi moddasini ishga tushirish tashabbusi bilan chiqqanini aytdi.
Dudaning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy sodir bo‘lgan voqeada Rossiyani ayblamoqda.
“Zelenskiyning aytishicha, Polsha hududiga qulagan raketa Rossiyaga tegishli. Shu sababdan u Ukraina raketasi bo‘lishi mumkin emasligini aytdi. Prezident qo‘lida dalillar borligini ham qo‘shimcha qildi”, — deydi Polsha rahbari.
Bundan tashqari, Duda AQSH prezidenti Jo Bayden unga tergovda ishtirok etish uchun ekspertlarni yuborishga va’da berganini eslatib o‘tdi. Polsha rahbari, shuningdek, “bomba”dan ko‘ra, Ukraina atom elektr stansiyalariga qilingan hujum tufayli yadroviy falokat yuzaga kelishi ehtimolidan ko‘proq xavotirda ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 15-noyabr kuni Polshaning Ukraina bilan chegaradosh Prjevodov qishlog‘iga ikkita raketa tushdi, ikki kishi halok bo‘ldi. Voqea sababli Polsha bosh vaziri Mateush Moraveski xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha hukumat qo‘mitasining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazdi. Havoga qiruvchi samolyotlar ko‘tarildi. Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Polshada qulagan raketa bilan bog‘liq voqea G‘arb jahon urushi ehtimolini oshirayotganini isbotlashini aytdi.
O‘z navbatida, Turkiya prezidenti Polshaga tushgan raketalarning Rossiyaga aloqasi yo‘qligini aytdi. NATO bosh kotibi ham raketalarning Ukrainaga tegishli ekani ehtimoli yuqoriligini bildirdi. Ammo bunda Kiyev aybdor emasligi, Rossiya javobgar ekanini aytdi. Polsha prezidenti ham shunday fikrlarni ilgari surdi. Germaniya va Britaniya esa Polshaga raketa tushishiga “Putin urushi” sababchiligini ta’kidladi.
Mavzuga doir:
Izoh (0)