Muxbirlar AQSH prezidenti Jo Baydenga G20 sammitida chiqish qilish uchun yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilgan qog‘ozlar suratlarini e’lon qildi, deb yozadi Daily Mail.
Suratlardan birida global infratuzilma va investitsiyalar bo‘yicha yangi sheriklikni muhokama qilishga bag‘ishlangan uchrashuvni qanday olib borish bo‘yicha tafsilotlar yozib berilgan.
“Siz o‘rtada o‘tirasiz, yoningizdagi stollarni prezident Vidodo (Indoneziya prezidenti) va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen egallaydi. Siz besh daqiqa bayonot berasiz. Bayonot matni keyingi sahifada”, — deyiladi yo‘riqnomalardan birida.
AQSH prezidenti uchun batafsil keltirib o‘tilgan ko‘rsatmalarda qachon suratga tushishdan tortib, kirish gaplarini aytishgacha bo‘lgan harakatlarning barchasi bor.
Bayden yanglish narsalarni gapirib yuborish va nobop harakatlarni amalga oshirish holatlariga tez-tez tushib turadi.
Chunonchi, oktabr oxirrog‘ida Bayden vitse-prezident Kamala Xarrisni tug‘ilgan kuni bilan tabriklar ekan, uni adashib “prezident” deb yuborgandi.
Yana bir safar u o‘g‘lining Iroqda halok bo‘lganini aytgan. Aslida esa Baydenning katta o‘g‘li 2015-yilda miya shishi tufayli vafot etgan.
Izoh (0)