15-noyabr oqshomida Polsha hududiga tushgan raketalar, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya raketalarini urib tushirish uchun Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan otilgan. Bu haqda AQSHning uch nafar rasmiy vakiliga tayanib. Associated Press xabar berdi. Shu kuni Ukraina infratuzilmasi Rossiya tomonidan keng ko‘lamda raketa hujumlariga uchragan edi, Ukraina Qurolli kuchlari ularning aksariyat qismini urib tushirgan.
Avvalroq agentlik Amerika razvedkasidagi manbaga tayanib, Polshaga qulagan raketalar Rossiyaga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Polsha Tashqi ishlar vazirligi ham ularning “Rossiyada ishlab chiqarilgan”ini tasdiqlagan. Shu bilan birga, Polsha prezidenti Anjey Duda Varshavada raketalarni kim uchirgani haqida ma’lumot yo‘qligini ta’kidladi.
Pentagon matbuot kotibi Pet Rayder jurnalistlarga raketalarning kimga tegishli ekanini hali tasdiqlay olmasligini aytgan. AQSH prezidenti Jo Bayden ham ularning Rossiyadan uchirilgani hozircha rad etilayotgani haqida gapirdi.
15-noyabr kuni kechqurun Polshaning Ukraina bilan chegaradan 8 kilometr uzoqlikdagi Pshevodov qishlog‘iga ikkita raketa quladi, oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Milliy xavfsizlik qo‘mitasining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazdi, Polsha Tashqi ishlar vazirligi esa Rossiya elchisini chaqirtirdi.
Izoh (0)