Samarqandda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlagan Vladimir Norov tashkilotga yangi bosh kotib tayinlanganini ma’lum qildi.
So‘nggi uch yilda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi vazifasini bajarib kelgan Bog‘dod Kultayevich Amreyevning vakolat muddati tugadi. Ushbu lavozimga Omuraliyev Kubanichbek Qosimovich tayinlandi.
Tashkilot bosh kotibligi muddati — uch yil.
Ochiqlik, teng huquqlilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga qat’iy sodiqlik asosida suverenitet, hududiy yaxlitlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishga bo‘lgan tahdidlarni yengish uchun ko‘p qirrali munosabatlarimizni mustahkamlash va kengaytirish hamda umumiy imkoniyatlarimizni oshirishimiz zarur.Tashkilot davlatlarining ushbu va boshqa asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma yondashuvlari Turkiy davlatlar tashkilotining 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida o‘z aksini topgan va biz bugun ushbu hujjatni tasdiqlaymiz.
Turkiy dunyoning iqtisodiy mezoni hamkorlikning lokomotivi va xalqlarimiz farovonligining asosi bo‘lishi lozim. Mamlakatlarimizning yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank va moliya institutlari hamda tadbirkorlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, samarali mintaqaviy hamkorlikni qurish zarur.
Oldimizda mintaqalararo savdo sohasida jiddiy ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi Tashkilotga a’zo davlatlarning 970 milliard dollardan ortiq umumiy tovar aylanmasi hajmining 3 foizidan kamrog‘ini (21 milliard dollar) tashkil etadi.
Bu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirishni hammamiz xohlaymiz. Ishonchim komilki, biz birgalikda bu maqsadga erishamiz, — deydi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.
Izoh (0)