Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent tibbiyot akademiyasi o‘qituvchilari mahallalarga biriktirilgan holda, xonadonma-xonadon yurib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
“Ahmoqlik, o‘qituvchilar tibbiyot akademiyasi talablarini o‘qitish o‘rniga, ularni mahallalarga biriktirishmoqda. To‘g‘risi, odam charchab ketdi”, degan o‘z ismini oshkor qilmagan o‘qituvchi.
Holat yuzasidan Toshkent tibbiyot akademiyasi prorektori Turdiqul Bobomuratov “Daryo”ga izoh berdi. Mas’ulning aytishicha, ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Ko‘rinib turibdiki, u ro‘yxat bundan 3—4 yil oldingi ma’lumot bo‘lib, ushbu ro‘yxatda hatto bundan 2 yil muqaddam vafot etgan, Tibbiy va biologik kimyo kafedrasi mudiri familiyasi ham ko‘rsatilgan. Qolaversa, oldin ham mahallaga dars va ish vaqtida o‘qituvchi yuborilmagan”, dedi Turdiqul Bobomuratov.
Avvalroq Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarni xonadonlarni aylanib chiqishga va o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishga majbur qilishayotgani yuzasidan fikr bildirgan edi.
“Men o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish o‘ta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini so‘rab qolaman”, — degan Saida Mirziyoyeva.
Izoh (0)