Angliyaning York shahri politsiyasi Buyuk Britaniya qiroli Charlz III va uning rafiqasi konsort qirolicha Kamillaga qarata bir necha marta tuxum uloqtirgan shaxsni qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda Sky News.
Qirollik juftligi shahar darvozalari oldida, ko‘chada turib York aholisi bilan salomlashayotgan vaqtida bir odam ularga qarata tuxum ota boshlagan. Bunga javoban, olomondagi odamlar hushtak chalib, “Qirolni xudo yarlaqasin” va “Sizga la’nat bo‘lsin” deya qichqira boshlagan.
Hodisa aks etgan videoga qaraganda, qirol va uning rafiqasiga qarata kamida to‘rtta tuxum otilgan. Ularning hech biri Charlz yoki Kamillaga borib tegmagan. Voqeadan keyin ularning yoniga qo‘riqchi kelgan. Qirol yerga tushgan tuxumlardan birining po‘chog‘ini bosib olishiga sal qolgan.
Qo‘lga olinish chog‘ida, hujum qilgan shaxs Buyuk Britaniya “qullar qoni asosiga qurilgani”ni xitob qilib baqirgan.
Qirollik juftligi York shahriga qirolicha Yelizaveta II ga atab qo‘yilgan haykalni ochish uchun ham kelgan, bu uning o‘limidan keyin o‘rnatilgan birinchi yodgorlikdir. Qirolicha 2022-yil sentabrida vafot etgan edi.
Izoh (0)