Anneksiya qilingan Donetsk xalq respublikasi rahbari Denis Pushilin Ukraina va Rossiya o‘rtasida navbatdagi asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tganini e’lon qildi.
“Bugun biz Ukraina zindonlaridan 107 nafar jangchimizni qaytarmoqdamiz. Ukrainaga esa xuddi shuncha asirlarni topshirmoqdamiz”, — deb yozdi Pushilin Telegram’dagi kanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, DXR va LXRning 65 nafar aholisi Ukraina asirligidan qaytgan.
Almashinuv haqida Ukraina rasmiylari hozircha xabar bermagan.
Oldingi almashinuv (50 ga 50 formulasi bo‘yicha) 29-oktabr kuni bo‘lib o‘tgandi. Ukraina prezidenti ofisining rahbari Andrey Yermakning aytishicha, ozod etilgan ukrainaliklar orasida “Azov” jangchilari, Mariupol va “Azovstal” himoyachilari, Zmyeiniy oroli dengizchisi va Chernobil zonasida asirga olingan bir necha harbiylar bor.
O‘shanda Pushilin DXRdan yetti kishi, LXRdan ikki kishi Ukraina asirligidan qaytganini aytgan. Rossiya Mudofaa vazirligi “asirlikda o‘lim xavfi ostida qolgan” 50 nafar harbiy xizmatchi Rossiyaga qaytarilganini ma’lum qilgan.
Urush boshlanganidan beri eng yirik almashinuv 22-sentabrda bo‘lib o‘tgan edi. Kiyev siyosatchi Viktor Medvedchuk va 55 nafar rossiyalikni Ukraina Qurolli kuchlarining 215 nafar harbiy xizmatchisiga, jumladan “Azov” qo‘mondonlari va “Azovstal” himoyachilariga almashtirgan.
Izoh (0)