Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

3-noyabr sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan kosmonavt juftlik — Tereshkova va Nikolayevning to‘yi, ishqiy munosabatlari uchun impichment e’lon qilingan Bill Klinton hamda ichida BMT bosh kotibi bo‘lgan samolyotning halokatiga oid faktlar o‘rin olgan.

Tereshkova va Nikolayevning “kosmik” to‘yi

1963-yil 3-noyabr kuni tushdan 20 daqiqa oldin Griboyedov nikoh saroyiga ikkita “Chayka” va ko‘plab “Volga”lardan iborat bayram korteji kelib to‘xtaydi. Sovet davri insoni darhol juda mashhur yoki obro‘li inson oila qurayotganini tushunishi mumkin edi. Biroq avtomobil eshiklari ochiganda, tasodifiy tomoshabinlar hayratdan yoqa ushlaydi: mashinadan mamlakatning asosiy qahramonlari, birinchi kosmonavtlar — Yuriy Gagariyn, German Titov, Valeriy Bikovskiy tushib kelgan. SSSR uchuvchi-kosmonavti, Sovet Ittifoqi qahramoni Valentina Tereshkova SSSR uchuvchi-kosmonavti, Sovet Ittifoqi qahramoni Andriyan Nikolayevga turmushga chiqayotgandi.

Foto: “TASS”

Birinchi “kosmik to‘y” haqida ko‘plab sovet gazetalari yozgan. Ammo xalq uchun rasmiy ma’lumot kamlik qilar, shu sababli hozirga qadar tildan tilga o‘tib keluvchi mish-mishlar tarqalgan. Ulardan biriga ko‘ra, Tereshkova va Nikolayev partiya rahbari Nikita Xrushchyovning buyrug‘iga ko‘ra oila qurgan. Shuningdek, kosmonavtlarning farzand ko‘rishi ilmiy tajriba ekani ham aytilgan.

Andriyan Nikolayev ham, Valentina Tereshkova ham o‘zlarining munosabatlari haqida hech narsa demagani bois mish-mishlar tarqalishi davom etgan. Sovet xalqi uchun ularning ajrashishi ham xuddi nikohi kabi kutilmagan bo‘lgan.

Ishdagi ishq. Kosmik versiya

Faqat erkaklarda iborat birinchi kosmonavtlar bo‘linmasidan faqat uylangan erkaklar o‘rin olgandi. Shu bois ayol kishini kosmosga yuborish g‘oyasi paydo bo‘lganida va nomzod qizlarni tanlash boshlanganida sovet kosmik dasturi rahbariyati “ishdagi ishq” yuz berishini kutmagandi. Va xato qilishgan. Yuriy Gagarin hamda uning hamkasblari rohib emasdi, shu sababli yonlarida paydo bo‘lgan qizlarni e’tiborsiz qoldirmagan.

Valentina Tereshkova

Valentina Tereshkova
Foto: “TASS”

Yaroslavl viloyatida bo‘lgan Tereshkova mashhur filmdagi o‘xshatishga mos kelgan: “komsomolka, sportchi, sohibjamol”. To‘g‘ri, uning Yuriy Gagarin bilan ishqiy munosabatlari haqida turli gap-so‘zlar mavjud, ammo buni isbotlaydigan biror-bir fakt yo‘q. Tereshkova va birinchi sovet kosmonavtlari orasidagi yagona bo‘ydoq o‘rtasidagi sevgi qanday paydo bo‘lgani ma’lum emas.

1963-yil 22-iyun kuni Moskvadagi Qizil maydonda Valeriy Bikovskiy va Valentina Tereshkova boshqargan “Vostik-5” hamda “Vostok-6” kosmik kemalarining parvozi muvaffaqiyatli yakunlangani sharafiga miting o‘tkazilgan. Mavzoley tribunasida turgan Valentina Nikolayev bilan gaplashib turgan. Ularning yonida Gagarin Xrushchyovga juftlikni ko‘rsatib, shunday degan: “Ularni tribunadan to‘g‘ri Nikoh uyiga jo‘natish kerak”.

Ularni Nikoh uyiga yuborishga haqqim yo‘q, buni o‘zlari hal qilsin. Ammo meni to‘yga taklif qilmasalaring ham, baribir boraman”, — deya javob qaytargan Sovet Ittifoqi rahbari.

“Uni hali tarbiyalash kerak”

General Kamanin o‘z kundaligining 7-oktabr sanasiga bog‘liq xoitalarida juftlikning munosabatlari haqida yozib qoldirgan: “Nikolayevga u hali hech narsaga bog‘lanmaganini va nikohdan voz kechishi mumkinligini aytdim, ammo uni cho‘zish imkonsiz — yigit Valyani juda noqulay ahvolga solib qo‘ydi. Nikolayev nima sababdan nikohni rasmiylashtirishni cho‘zayotganini tushunmayman. Bu mavzu haqida u bilan besh marta gaplashdim, u esa har safar to‘g‘ridan to‘g‘ri deb javob berishdan qochdi. Avvalida u o‘qishi ko‘pligini bahona qilgan bo‘lsa, keyin ‘Valya o‘zini boshqara olmaydi, uni hali tarbiyalash kerak’, dedi. Kecha bo‘lsa, to‘y Tereshkovaning xorij safarlari sabab cho‘zilib ketayotganini aydi”.

Kelin 26 yoshda, kuyov esa — 34 da edi. Nikolayev chuvashaylik bo‘lgan. Ularda ayol erkakning aytganlarini so‘zsiz bajarishi odatiy tusga aylangan. Ammo Valentina “o‘ziga xos xarakterga ega qiz” edi. Shu sababli ikki xil dunyoqarashga ega kosmonavtlar hatto to‘yi kuni ham urushib qolgan. Nikolayev turmush o‘rtog‘i o‘zining familiyasiga o‘tishini istagan, ammo Tereshkova butun dunyoga tanilgan familiyasidan voz kechishni istamagan. Oxir-oqibat u Nikolayeva-Tereshkova familiyasida yurishga qaror qilgan.

Xarajatlar — hukumat hisobidan

Shunday qilib, Nikolayev va Tereshkovani oila qurishga hech kim majburlamagan. Buning ustida 1963-yil oktabrida o‘tkazilajak to‘y haqida g‘arb matbuoti ham yozishni boshlagan. Natijada Andriyan Nikolayev va Valentina Tereshkova barchaga oila qurishlarini e’lon qilgan.

Kelin-kuyov to‘yni 2-noyabr kuni Sover armiyasi Markaziy uyida 250-300 kishi bilan nishonlashni rejalashtirgan. Ular to‘y xarajatlarining barchasini o‘z yonida to‘lamoqchi bo‘lgan.

Ammo 1-noyabr kuni Kamaninga Markaziy Qo‘mitadan qo‘ng‘iroq qilishib, tantanali marosim 3-noyabr kuni soat 13:00 da Vorobyev shossesidagi Qabullar uyida bo‘lib o‘tishi tayinlangan. Barcha xarajatlar — hukumat tomonidan qoplanadi, mehmonlar soni 200 kishida oshmasligi kerak. To‘yga tashrif buyurish istagida bo‘lganlar bundan ancha ko‘p edi, ammo hukumat qarori muhokama qilinmaydi. Mehmonlarni tanlash huquqi Tereshkova va Nikolayevning o‘ziga topshirilgan.

3-noyabr kuni insoniyat tarixida birinchi marta kosmosga chiqqan ayol va erkak er-xotin bo‘lgandi. “Yulduzli juftlik”ning guvohlari kosmonavt Valeriy Bikovskiy hamda uning rafiqasi Valentina edi.

Soar 13:00 da kortej Nikoh uyiga yetib kelgan. Mehmonlar o‘z joylarini egallagach, yosh kelin-kuyov bilan birga zalga Xrushchyov kirib kelgan. U marosimdagi birinchi qadah so‘zini aytgan: “To‘y — o‘zgacha, jonli, jo‘shqin voqea va biz to‘yda keksalar kamroq bo‘lsin, degan qarorga keldik. Hukumat va Markazqo‘m menga yoshlarni tabriklashni topshirdi va buni katta mamnuniyat bilan amalga oshirmoqdaman. Valya va Andriyanga ulkan oilaviy baxt hamda ishlarida muvaffaqiyat tilayman. Shonli kosmonavtlarimizning to‘yi — jahon ahamiyatiga molik voqeadir. Yangi turmush qurganlarning salomatligi uchun!”.

Foto: “TASS”

Xrushchyov to‘yga Markaziy Qo‘mita xodimlari uchun mo‘ljallangan maydoni 100 kvadrat metrga teng 4 xonali uyni to‘yxona sifatida taqdim etgan. Nikolayev va Tereshkova uni ko‘rgani borgan va uy ularga juda yoqqan, ammo keyinroq qandaydir sabablarga ko‘ra sovg‘adan voz kechishgan.

1964-yil 8-iyunda Valentina Tereshkova qiz farzandini dunyoga keltirgan, unga Yelena deb ism qo‘yishgan. Shikoforlar rostdan ham uning salomatligini kuzatib borgan, ammo u hech qanaqa “tajriba quyonchasi” bo‘lmagan. Qiz nimjon va tez-tez kasal bo‘lar edi, biroq uning betobligini otasi yoki onasining kosmosga parvozlariga aloqasi bo‘lmagan.

Foto: “TASS”

Yelena Nikolayeva ulg‘ayib, shifokorlik kasbini tanlagan, oila qurgan va o‘g‘il farzandlar ko‘rgan. Unda hech qanday “kosmik patologiya” aniqlanmagan.

Qizi 18 yoshga to‘lganida Nikolayev va Tereshkova ajrashgan. Ular xarakter jihatidan bir-biridan keskin farq qilgan. Ayol olov bo‘lsa, er suv edi. Aslida juftlik bundan avvalroq ajrashib ketishi mumkin edi, ammo ularni bu ishni qilishdan to‘xtatib turishgan. Birinchi “yulduzli juftlik”ning ajralishi mamlakat obro‘siga putur yetkazadi deb hisoblangan.

Valentina Tereshkova yana oila qurgan, Andriyan esa boshqa uylanmagan. Uchinchi sovet kosmonavti 2004-yili Cheboksarga safari vaqtida yurak xurujidan vafot etgan.

Foto: “TASS”

Impichment e’lon qilingan Bill Klinton

Bundan 30 yil oldin 3-noyabrda Arkanzas shtati gubernatori Uilyam (Bill) Klinton AQSH prezidentligi uchun saylovlarda g‘alaba qozongandi. 1998-yil 19-dekabrda esa AQSH Vakillar palatasi Klintonga impichment e’lon qilishga ovoz bergan. Bunga davlat rahbarining Pola Jons va Monika Levinski bilan ishqiy munosabatlari ishida yolg‘on ko‘rsatma bergani sabab bo‘lgan.

Monika Levinski va Bill Klinton, 1995-yil

Monika Levinski va Bill Klinton, 1995-yil
Foto: AP Photo

1998-yilda AQSHning 42-prezidenti Bill Klinton bilan bog‘liq jinsiy mojaro o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. Prokuror Kennet Starning hisobotini ko‘rib chiqqan Vakillar palatasi 19-dekabr kuni Klintonni adolat o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilish va yolg‘on ko‘rsatma berishda aybdor deb topib, unga impichment e’lon qilishni ovozga qo‘ygan. Klinton Endryu Jonson (1868-yil) va Richard Niksondan (1974-yil) keyin sudga jalb etilishga uringan Amerikaning uchunchi prezidentiga aylangan.

Dastavval Klintonga respublikachi va Vakillar palatasi a’zosi Genri Xayd boschiligidagi 13 nafar ayblovchidan iborat yuridik komissiya to‘rtta band bo‘yicha ayblov e’lon qilgan. Ularning birinchisiga ko‘ra, 1998-yil 17-avgust kuni prezident Oq uyda amaliyotga kelgan Monika Levinski bilan ishqib munosabatlari to‘g‘risida Katta hay’atga yolg‘on ko‘rsatma bergan.

Ikkinchidan, u Arkanzas gubernatori bo‘lib ishlagan vaqtida sobiq kotibasi Pola Jonsga jinsiy tegajog‘liq qilgani aytilgan ishda ham yolg‘on ko‘rsatma bergan. Ushbu qiz Federal sudga Levinskining birinchi ko‘rsatmalaridan to‘rt yil oldin, 1994-yil 4-mayda da’vo arizasini kiritgan. Jonsning ismi 1996-yilgi saylovoldi kampaniyasida ham tilga olingan edi.

Uchinchidan, Klinton o‘z advokatiga Levinski bilan barcha munosabatlariga oid ayblovlarni rad etish bo‘yicha topshiriq bergan, Jons ishi bo‘yicha guvohlarni sotib olishga, Levinski va shaxsiy kotibasi Betti Kyurining ko‘rsatmalariga ta’sir ko‘rsatishga uringan hamda dalillarning topilishiga to‘sqinlik qilgan. Va to‘rtinchidan, Klinton mansab vakolatini suiiste’mol qilgan.

Bugun biz sizga aytayotgan narsalarimiz — bu qandaydir katta fitnaning safsatasi emas, balki bizning davrimizda xiralashgan va qoralangan qadriyatlar to‘plamining tasdig‘idir, ammo bu biz uchun ularni qayta tiklash uchun imkoniyati bo‘lib, shundagina asoschilarimiz biz bilan faxrlanishi mumkin. Bu sizning davlatingiz, prezident — bizning yo‘lboshchimiz. Bayroq qulayapti, do‘stlarim biz tarixga kirayotgan vaqtimizda qulayotgan bayroqni tutib qoling”, — deb yozgan prokuror Xayd impichment rezolyutsiyasiga.

Foto: AP Photo

Klintonning advokatlar jamoasi impichment sudiga javob jo‘natib, unda quyidagi dalillarni ilgari surgan: garchi prezident o‘zini aybsiz deb hisoblasa ham, unga nisbatan ikki moddada keltirilgan ayblov tan olinsa ham, bu uni lavozimidan chetlashtirish uchun yetarlicha asos bo‘la olmaydi.

Ammo og‘ir ayblov davlat rahbarining siyosiy karyerasi muddatidan oldin tugashiga yetarli bo‘lgan. Ovoz berish jarayonida faqat birinchi (228 ta yoqlagan, 206 ta — qarshi) hamda uchinchi (221 ga 212) bandlar ma’qullangan. 19-dekabr kuni Vakillar palatasi ayblovni Senatga yuborgan. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, aynan Senat Klintonning taqdirini hal etishi kerak edi.

AQSH qonunlariga muvofiq, agarga prezident lavozimdan ozod etilish bo‘yicha aybdor deb topilsa, u jinoiy javobgarlikka torilishi va impichment bo‘yicha mustaqil prokuror unga qarshi jinoyat ishi ochishi mumkin.

Klintonga qarshi ayblovlarning asosiy qismini uning 1995-yil noyabrdan 1997-yil martga qadar ish joyida Levinski bilan jinsiy munosabatlari tashkil etgan. Prezident o‘z qo‘li ostidagi xodima bilan ishqiy munosabatlarini mutlaqo rad etgan, biroq buni isbotlovchi dalillar talaygina edi — guvohlarning ko‘rsatmalaridan tortib, jabrlanuvchining ko‘ylagidagi dog‘largacha.

2018-yilning noyabrida AQSH teleekranlarida mashhur mojaroga bog‘liq hujjatli film namoyish etilgan. Bill Klinton va uning rafiqasi Xillari avvaliga xiyonatni rad etib, suratga olish ishlarida qatnashmagan. Ammo sobiq rahbariga qarshi ko‘rsatmani 45 yoshli Levinski berishga qaror qiladi. Filmda, shuningdek, uning ota-onasini, prezident yordamchisi va advokatlarining izohlari ham keltirilgan.

Monikaning so‘zlariga ko‘ra, Klinton uni jinsiy zo‘ravonlik da’vosi haqida ogohlantirgan, keyin esa ko‘rsatma berishdan bosh tortishga oid hujjatni imzolashni so‘ragan. Qiz ommaviy mojaro oilasiga zarar yetkazishidan juda qo‘rqqan.

Senatda bu kabi vaziyat bo‘yicha prezidentni chetlatish to‘g‘risidagi ovoz berish jarayoni birinchi bor o‘tkazilgan. Klintonga zaruriy sanksiyalarni qo‘llash uchun jami ovozlarning uchdan ikki qismi to‘planishi kerak edi. 100 nafar senator ichidan 67 tasining ovozini to‘plash xavfi rostdan ham bo‘lgan, chunki Klinton a’zo hisoblanuvchi Demokratlar partiyasidan bo‘lgan senatorlar soni 45 nafarni tashkil etgan, respublikachilar — 55 nafar.

Foto: AP Photo

Hamma senatorlar navbatma-navbat minbarcha chiqqan. Ular “aybdor” yoki “aybdor emas” degan so‘zni aytishi kerak bo‘lgan xolos. Sensatsiya baribir yuz bermagan: birinchi band bo‘yicha davlat rahbarining 45 kishi, ikkinchisida esa 50 kishi aybdor deb topgan. Demokratlarning barchasi ikkala holatda ham prezident tarafida bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay, Klintonning asosiy ayblovchisi prokuror Xaydning o‘zi ham o‘tmishda oilasiga xiyonat qilgani ma’lum bo‘lgan. Klinton impichment e’lon qilishdagi omadsizlik sabab 2001-yil 20-yanvarga qadar prezidentligini davom ettirgan.

BMT bosh kotibining sirli o‘limi

1961-yil 3-noyabr kuni Myanma (Birma) vakili U Tan Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. Tashkilotning oldingi kotibi Dag Xammarshyold o‘tirgan samolyot halokatga uchragan edi. BMT insonparvarlik missiyasini boshlab bergan, tashkilotning haqiqatda netral pozitsiyasini ta’minlashga uringan insonning o‘limiga halokatiga nima sabab bo‘lgandi? Quyida shu haqida ma’lumot beramiz.

Foto: Keywordbaskets
BMT bosh kotibi Dag Xammarshyold va yana 15 kishi uchgan Douglas DC-6 samolyoti Kongo markaziy hukumatiga qarshi urushgan uchuvchi tomonidan urib tushirilgan. Samolyot 1961-yil 18-sentabr kuni Zambiya hududida halokatga uchragan, BMT bosh kotibi Kongo isyonchilari yetakchisi Moiz Chombe bilan uchrashuvga ketayotgandi.

Samolyot qirollik Harbiy-havo kuchlarining sobiq uchuvchisi, isyonchilar tomonida turib jang qilgan Yan Van Risegem tomonidan urib tushirilgan. Buni Risegemning o‘zi sobiq hamkasbi Pyer Koppensga so‘zlab bergan. Halokat tergovi vaqtida Risegemning ismi ham aniqlangan: belgiyalik uchuvchi gumonalnuvchi bo‘lgan, biroq uning aybini isbotlovchi dalil topilmagan.

Risegemga ko‘ra, bu vaqtda u halokat hududida missiyasini amalga oshirmayotgan bo‘lgan. O‘sha vaqtdagi parvoz varaqalari ham uning aybini isbotlay olmagan. Ammo BMT bosh kotibining o‘limiga bag‘ishlangan “O‘lik ish” hujjatli filmida so‘z olgan uchuvchilar bunday varaqalar soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Foto: Accord

Dag Xammarshyoldning halokati butun dunyo uchun qayg‘uli kechgan. Shvetsiyaning Uppsala shahrida tashkil etilgan dafn marosimida tobut qopqog‘iga “Nima uchun?” yozuvi tushirilgandi. Siyosatchining o‘limi tezda ko‘plab mish-mishlarni dunyoga keltirgan. Uning hayoti va vafoti haqida G‘arbda kitoblar chop etilgan, hujjatli filmlar ishlangan.

BMT bosh kotibining halokati haqida ko‘plab nazariyalar mavjudligiga qaramay, aksariyat tarixchi va siyosatchilar uning shaxsiyati borasidagi yakdil xulosada. U o‘z davrining eng ko‘zga ko‘ringan, doimo mustaqil bo‘lib qolgan siyosatchilaridan edi. Xammarshyoldning bu xususiyatini shved siyosatchisi bo‘lganida ham namoyon eta olgan.

1953-yilda Dag BMT rahbari sifatida tashkilot suverenitetini mustahkamlash bo‘yicha faol ish olib borgan. Xammarshyold BMTni avvalo barcha a’zo davlatlarga nisbatan neytral munosabatda bo‘luvchi xalqaro fuqarolik tashkiloti sifatida ko‘rgan. Ziyoli va kirishimli Xammarshyold siyosiy muzokaralar olib borishning ustasi edi. U har qanday suhbatdoshini o‘z tarafiga og‘dira olardi.

Uning shaxsiy muvaffaqiyatlari qatoridan Xitoy Davlat kengashi rahbari Chjou Enlaem bilan muzokaralar o‘tkazib, Koreya urushi vaqtida asirga tushgan 15 nafar amerikalik uchuvchining ozod etilishi yorqin o‘rin olgan. Rasmiy jihatdan uchuvchilar bu vaqtda jangovar harakatlarni BMT qo‘mondonligi ostida olib borgan va shu sababli muzokaralarni bosh kotib o‘tkazgan.

Foto: Getty Images

Muzokaralar juda qiyin kechgan, Xitoy hatto BMT a’zosi ham bo‘lmagan va jarayonni cho‘zishga uringan. Biroq Xammarshyold muvaffaqiyatga erishib, barcha uchuvchilarning ozod etilishiga erishgan.

Tinchlikparvar kuchlarini yaratish to‘g‘risidagi qaror 1956-yili Suvaysh inqirozi sabab paydo bo‘lgan. Uning maqsadi Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Isroilning Suvaysh kanali nazorati bo‘yicha Misrga qarshi urushiga barham berish edi. Mojaroni bartaraf etish uchun Misr hududiga neytral xalqaro kuchlarni joylashtirishga qaror qilingan. Bu BMTning birinchi tinchlikparvar operatsiyasi hisoblanadi.

BMT bosh kotibi va tashkilotning yana bir katta “bosh og‘rig‘i” Afrika edi. Ko‘plab davlatlar mustamlakachilikka barham berib, o‘zini mustaqil deya e’lon qilar, ammo yevropaliklar foydali qazilmalarga boy davlatlarni tark etishni istamasdi. Harbiy mojarolar ortida qit’adagi so‘l hukumatni qo‘llab-quvvatlagan SSSR va Afrikada “marksizm” tarqalishidan xavotirda bo‘lgan AQSH turgan.

Aynan Kongodagi vaziyat BMT Xavfsizlik kengashining birinchi favqulodda yig‘ilishini o‘tkazishga sabab bo‘lgan. Mamlakatning markaziy hukumati rahbari Patris Lumumba tashkilotdan yordam so‘ragan, bu vaqtda avvallari Kongo hududlariga egalik qilgan, Belgiya Lumumbaga qarshi bo‘lgan isyonchilar yetakchisi Moiz Chombega yordam ko‘rsatib kelgan. O‘sha vaqtda isyonchilar tarafida ko‘plab belgiyalik yollanma jangchilar, jumladan, Yan Van Risegem ham bo‘lgan.

Xavfsizlik kengashi tomonidan Kongo hukumatiga yordam ko‘rsatish, Belgiya esa qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilgan. Ularning o‘rniga BMT tinchlikparvar kuchlari kelishi kerak edi. Shu bilan birga, Xammarshyol isyonchilar yetakchisi Chombe bilan ham muzokara o‘tkazish lozim deb hisoblagan.

Bu Lumumba tarafida bo‘lgan SSSRga yoqmagan, albatta. O‘z navbatida AQSH ham bosh kotibning faoliyatidan norozi bo‘lgan: ular mamlakat prezidenti lavozimi egallab kelayotgan Jozef Kasavubuni qo‘llab-quvvatlagan. Vashington uni Lumumbudan ko‘ra layoqatli deb o‘ylagan. 1961-yili Lumumbu ortida Belgiya hukumati turgan isyonchilar tomonidan o‘ldirilgach, SSSR rahbari Nikita Xrushchyov BMT bosh kotibini yanada ko‘proq tanqid qilib, uning iste’fosini talab qila boshlagan.

Foto: Keywordbaskets

Ammo Xammarshyol hech qayerga ketishni istamagan: “Tashkilotni shunday qiyin va xavfli vaziyatda tashlab ketib, uning mehnatlari ko‘kka sovurilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘laman. Buni amalga oshirishga haqqim yo‘q, chunki barcha a’zo-davlatlar oldida mas’uliyatim bor. Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z manfaatlarini himoya qilishi uchun Sovet Ittifoqiga ham va na boshqa buyuk derjavalar ham kerak emas: u qolgan barchaga kerak”, degandi Xammarshyold.

“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Prava”ni yangisiga almashtirib beradigan onlayn xizmat faoliyatida nosozlik kuzatilmoqda
Mahalliy
O‘zbekistonda gaz zapravkalar qayta ochilishi kutilmoqda
Dunyo
Rossiya Belarusga yangi harbiy qismlar joylashtirdi — Ukraina chegara xizmati