“Bavariya” Yevropa Chempionlar Ligasining 6-turida “Inter” ustidan 2:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Myunxenliklar ketma-ket ikki mavsum guruh bosqichidagi barcha o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi. Bu musobaqa rekordi hisoblanadi, hali hech qaysi jamoa qatorasiga ikki mavsum guruhni g‘alabali seriya bilan yakunlamagandi.
Nemis jamoasi joriy mavsum YCHL guruh bosqichida “Inter”, “Barselona” va “Viktoriya Plzen”ni mag‘lubiyatga uchratdi. O‘tgan mavsumda “Benfika”, “Barselona” va “Dinamo Kiyev”ga qarshi uchrashuvlar g‘alaba bilan tugagandi.
“Bavariya” o‘z tarixida uchinchi marta guruh bosqichini g‘alabali seriya bilan yakunladi. Bu ham rekord hisoblanadi. 2019/20-yilgi mavsumda ham Myunxen jamoasi shunday natijaga erishgan.
Bu kunga qadar “Milan” (1992/93), “PSJ” (1994/95), “Spartak” (1995/96), “Barselona” (2002/03), “Real” (2011/12, 2014/15), “Ayaks” (2021/22) va “Liverpul” (2021/22) guruh bosqichini ochko yo‘qotmagan holda yakunlashga erishgan.
Shuningdek, “Bavariya” Chempionlar Ligasi guruh bosqichidagi g‘alabali seriyasini 13 ta o‘yinga yetkazib, bu borada o‘zi o‘rnatgan rekordni yaxshilab oldi.
Izoh (0)