Sochida Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Vladimir Putin, Nikol Pashinyan va Ilhom Aliyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sammit chog‘ida Putin dastlab Pashinyan bilan, so‘ng Aliyev bilan uchrashdi, undan keyin esa uch tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Yakunda tomonlar qo‘shma bayonotlar qabul qildi.
Bayonotda aytilishicha, Armaniston va Ozarbayjon kuch ishlatishdan va uni ishlatish haqidagi tahdidlardan tiyilish majburiyatini oladi, Rossiya esa yarashuv bitimini imzolashga tayyorlanishda yordam berishni va’da qildi.
Shuningdek, uchala tomon ham 2020-yil kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi janglardan keyin tuzilgan kelishuvlarga rioya qilish tarafdori ekanini tasdiqladi hamda barcha masalalarni BMT ustavi va 1991-yilgi Olmaota deklaratsiyasiga muvofiq muhokama qilishga kelishib oldi.
Olmaota deklaratsiyasi — MDH maqsadlari va tamoyillari haqidagi, Belovej bitimlari natijalarini va SSSR mavjud bo‘lishdan to‘xtatganini tasdiqlagan deklaratsiya.
Mavzuga doir:
Izoh (0)