Ramzan Qodirov Telegram’da Xerson viloyatidagi chechen bo‘linmalaridan birining 23 jangchisi halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Yana 58 kishi yaralangan, deydi Checheniston rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha jangda 70 nafar Ukraina askarlari ham halok bo‘lgan.
Qodirov Checheniston rasmiylari halok bo‘lgan askarlarning yaqinlariga barcha zarur yordamni, jumladan, ularning oilalari uchun muqaddas Makkaga ziyoratni tashkil etishiga va’da berdi. Qodirov “har bir askarning dafn marosimi uchun 1 million rubl ajratamiz, yana 12 millioni davlat tomonidan oilaga to‘lanadi, yaradorlar esa uch million oladi”, deb yozgan.
25-oktabr kuni Ukrainaning Xerson viloyati harbiy okrugi rahbari Sergey Xlan Ukraina Qurolli kuchlarining chechenlar bazasiga uyushtirgan hujumi oqibatida 40 dan ortiq chechen halok bo‘lgani va ikki yuzga yaqini yaralangani haqida ma’lum qilgandi. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi esa o‘zining kechki hisobotida Xerson viloyatining Kairy qishlog‘idagi maktabga zarba berilgani va oqibatida “30 ga yaqin odam” halok bo‘lganini ta’kidlagan. Qodirovning 27-oktabr kuni chop etilgan postiga qadar Rossiya tomoni chechenistonlik jangchilarning Xerson viloyatida halok bo‘lgani haqida biror izoh bermadi.
Izoh (0)