Jizzax viloyati Zafarobod tumanida bank kartasi boshqaruvi qolib ketgan eski mobil telefon sabab o‘g‘rilik jinoyati sodir etildi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, shu tumanda yashovchi fuqaro B.M. (1996-yilda tug‘ilgan) ariza bilan murojaat qilgan. U o‘ziga tegishli bank kartasidan 3 million so‘m pulni noma’lum shaxs yechib olganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida pullarni o‘zlashtirgan shaxs Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida yashovchi B.K. (1996-yilda tug‘ilgan) ekani aniqlangan.
U avvaliga fuqaro B.M.ga tegishli mobil qurilmani sotib olib, unga Click Evolution ilovasini o‘rnatgan. So‘ngra telefonda fuqaroga tegishli bank kartasi boshqaruvi qolib ketganidan foydalanib, pullarni o‘zlashtirgan.
B.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)