Professional ta’lim muassasalari (kollej va texnikumlar)da 2022/2023-o‘quv yili uchun barcha bosqichdagi o‘quvchilarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlari 2021/2022-o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlab qolinadi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, tahsil olayotgan o‘quvchilarga qulay sharoitlar yaratish, yoshlarning kasb-hunar egallashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularning ota-onalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamda aholi to‘lov qobiliyatini inobatga olgan holda, istisno tariqasida, ushbu miqdor o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil kollej va texnikumlarga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 15 815 nafar o‘quvchi davlat granti asosida qabul qilindi.
Shuningdek, professional ta’lim muassasalariga ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan o‘quvchilar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari belgilangan tartibda qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Izoh (0)