Samarqand viloyatining Urgut tumanida maktab direktori 12 yoshli o‘quvchini urishi oqibatida uning quloq pardasi yirtilgandi. Viloyat IIB matbuot xizmati unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Voqea 2-oktabr kuni Urgut tumanidagi 61-maktabda yuz bergandi. O‘quvchilar o‘tirgan sinfxonada bolalar tomonidan paqildoq portlatilgan. Shundan so‘ng maktab direktori kelib o‘quvchilardan birining qulog‘iga shapaloq tushirgan. Jarohatlangan o‘quvchi shifoxonaga olib borilganda zarba oqibatida bolaning quloq pardasi teshilgani aniqlangan.
Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasining tegishli buyrug‘iga asosan maktab direktori B.R. lavozimidan ozod etilgan.
Viloyat IIB xabariga ko‘ra, direktor o‘quvchini urib mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanligi sababli unga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)