Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilov 24 soatga qolmay qamoqdan chiqdi. Unga nisbatan qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi bekor qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Qitmir muxbir” kanali xabar berdi.
“Qitmir muxbir”ning yozishicha, Qarshining sobiq hokimi Jamshid Fozilov taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra yo‘qotilgan 154 milliard so‘m pulning 60 milliarddan ko‘pini bir o‘zi “yegan”. Shunga qaramay unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilingan.
“Daryo” manbasining aniqlashtirishicha, Jamshid Fozilov bugun, 21-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudi sudyalari qaroriga ko‘ra, ozodlikka chiqqan. Viloyat prokuraturasi esa unga nisbatan 60 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirish bo‘yicha ayblov qo‘ygan.
Avvalroq Termizning sobiq hokimi va uning sheriklari davlat va jamiyat hamda tadbirkorlar manfaatiga 35,6 milliard so‘m zarar yetkazgani, shu sabab sobiq hokim va mas’ullar qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)