Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 57 yoshli shifokor xizmat burchini bajarayotgan paytida kaltaklangandi. Viloyat IIB matbuot xizmati holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bergan xabarga ko‘ra, 14-oktabr kuni uning odatdagi navbatchilik kunlaridan birida kechqurun bo‘limga 1970-yilda tug‘ilgan bemor olib kelingan. Unga gipertoniya tashxisi qo‘yilib, tezkor tibbiy yordamga kirishilgan. Soat 21:00 lar atrofida davo muolajalari davom etayotgan paytda jarayonga xalaqit berayotgan bemorning 25 yoshlar atrofidagi o‘g‘li va shifokor o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Oqibatda bemorning o‘g‘li shifokorga musht ko‘targan.
Shifokor T.H. “kalla va bosh miya shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, burun suyagining ochiq sinishi, burun asosi ezilib, yirtilgan jarohati, yuqori jag‘ o‘ngdan qoziq tishning travmatik sinishi, ikkala qovoq-burun asosi gematomalari” tashxisi bilan travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan.
IIBning bildirishicha, shifokor o‘sha kuni holat bo‘yicha IIBga ariza bilan murojaat qilgan. 19-oktabr kuni G‘uzor tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda dastlabki surishtiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)