Madridning “Real” klubi yaqin orada Kilian Mbappe yoki Erling Holandni olib kelish niyatida emas.
Marca’ning xabar qilishicha, madridliklar klubi “PSJ” forvardi va “Manchester Siti” hujumchisi transferi ustida ishlashni rejalashtirmayapti.
Mbappening transferiga “PSJ” so‘raydigan yuqori narxdan tashqari fransuzning o‘zini tutishi xalal bermoqda. Kilian “PSJ” bilan shartnomani uzaytirganidan afsusdaligi borasida Madrid klubi rahbariyati xabardor qilingan.
Biroq “Real” Mbappening o‘tgan mavsumdagi “xiyonati” sabab muzokaralarga kirishni istamagan. Fransiyalik futbolchi “Real”da to‘p surish bolalikdagi orzusi ekani haqida aytib, bir necha bor “Madrid”ga yo‘l olishi haqida gapirgan, biroq yakunda parijliklar bilan shartnomasini uzaytirgandi.
Bundan tashqari rahbariyat Mbappening kelishi jamoaning do‘stona ichki muhitiga salbiy ta’sir qilishidan qo‘rqmoqda. Shu bois “qaymoqranglilar” Mbappe transferidan voz kechgan.
Holand borasida “Real” kutishni ma’qul ko‘rmoqda. Ispan jamoasi 2024-yilning yoziga qadar norvegiyalik futbolchining transferi haqida o‘ylamaydi.
Ayni vaqtda “Qirollik klubi” yosh markaziy hujumchi qidirish bilan band.
Izoh (0)