“Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlariga tegishli tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazma yarmarkasi doimiy tarzda o‘tkaziladi. Bunday mahsulotlar hajmi va texnik parametrlari to‘g‘risidagi axborotlar 2022-yil 15-noyabrga qadar Elektron kooperatsiya portaliga joylashtiriladi va muntazam ravishda yangilab boriladi.
2023-yil 1-yanvarga qadar yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar hamda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning yagona reyestri yuritilishini tashkil etiladi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat xaridlari doirasida tegishli tashkilotlar xarid predmeti hajmining kamida 10 foizi miqdorida o‘z hududida reyestrga kiritilgan korxonalar ishlab chiqargan tovarlarni sotib oladi.
2022-yil davomida tajriba tariqasida Nukus va Toshkent shaharlarida hamda 2023-yildan boshlab qolgan hududlarda “Imkoniyatlar markazi” faoliyati tashkil etiladi.
“Imkoniyatlar markazi” nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maydoni sifatida faoliyat yuritadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qiziqishidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga o‘qitishga ko‘maklashadi.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda nogironlik nafaqasini tayinlashda ortiqcha yugur-yugurlarga chek qo‘yiladi
Izoh (0)