Markaziy bank O‘zbekistonda daromadlari turlicha bo‘lgan aholi uchun oylik va yillik inflyatsiyani ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, aprel oyidan boshlab ichki narxlar o‘sishining tezlashgani aholining, ayniqsa, kam daromadli guruhlarning sezilgan inflyatsiyasi yuqori shakllanishiga sabab bo‘ldi.
Bunda, iyun oyida daromadlari 2 mln so‘mgacha bo‘lgan uy-xo‘jaliklari inflyatsiyasining umumiy inflyatsiyadan tafovuti 2,4 foiz bandgacha oshgan. Sentabr oyi yakunlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 2 foiz bandgacha pasaydi.
O‘tgan oyda daromadi 2 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi uchun inflyatsiya 14,2 foizni tashkil qilgan.
Bu kam daromadli uy xo‘jaliklarining iste’mol savatida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi yuqoriligi sharoitida aprel—sentabr oylarida asosan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida yuqori o‘suvchi tendensiyalar kuzatilganligi bilan izohlanadi.
Sentabrda oyiga 2 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha daromad qiladiganlarning inflyatsiyasi 12,6 foiz bo‘lgan.
Bu ko‘rsatkich 4-5 mln so‘m daromad qiladiganlarda 12,4 foiz bo‘lsa, 5 mln so‘mdan ko‘proq daromad qiladiganlarda 11,8 foizni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, ijtimoiy tovarlar narxlari o‘sishi sentabr oyida (yillik hisobda) 16,9 foizga teng bo‘lib, umumiy inflyatsiya bilan farqi 4,7 foiz bandni tashkil etdi.
Qayd etilishicha, aprel oyidan boshlab ichki narxlarning sezilarli darajada qimmatlashib borgani ijtimoiy tovarlar narxlarining o‘sish suratlarida ham namoyon bo‘lmoqda.
Bunga asosan, o‘tgan davrda ushbu guruh tovarlari tarkibidagi un mahsulotlari (birinchi navli bug‘doy uni va obinon), shakar, tuxum, kungaboqar yog‘i hamda guruch narxlarining keskin qimmatlashishi oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi.
Izoh (0)