Vazirlar Mahkamasining 5-oktabrda qabul qilingan qarori bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
Fuqarolar (jismoniy shaxslar) 2022-yil 1-oktabrdan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda quyosh suv isitish qurilmalarini uch yil muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishlari mumkin. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining to‘liq narxini to‘lagan holda sotib olganda iste’molchilar kompensatsiya olishlari mumkin.
Energetika vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olishda imtiyoz va preferensiyalar berish yuklangan.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq quyosh yoki shamol elektr stansiyasini o‘rnatish uchun jismoniy shaxslarga quvvatiga qarab kompensatsiya miqdori quyidagicha beriladi:
- 0,5 kVt dan 1 kVt gacha — BHMning 7 barobari;
- 1 kVt dan 1,5 kVt gacha — BHMning 10 barobari;
- 1,5 kVt dan 2 kVtgacha — BHMning 15 barobari;
- 2 kVt va undan yuqori — BHMning 20 barobari;
- 5 kVt va undan yuqori qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi bilan ta’minlangan vertikal quduqlarga yangi yerlarni o‘zlashtirish va suv nasoslarini o‘rnatishda BHMning 50 baravari miqdorida kompensatsiya beriladi.
Platformada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqaruvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarning mahsulot va xizmatlarini sotish bo‘yicha takliflari joylashtirildi. Shu bilan birga, platformaga kiritilgan korxonalar ro‘yxati “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan taqdim etiladi.
Jismoniy shaxslarning kompensatsiya yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha arizalari platforma orqali onlayn tarzda topshiriladi.
Izoh (0)