Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashida Rossiya Donbass respublikalari, shuningdek, Xerson va Zaporojye viloyatlarida o‘tkazilgan “referendumlar”ni qoralovchi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi.
Tashabbusga AQSH va Albaniya homiylik qilgan edi. Hujjatda “noqonuniy referendumlar”ni tashkil etishni qoralash va ularning yuridik kuchga ega emasligini ta’kidlash, shuningdek, Rossiya Federatsiyasini Ukraina hududidan qo‘shinlarini olib chiqishga chaqirish taklif qilingan.
Rossiyadan tashqari hech kim hujjatga qarshi ovoz bermadi. O‘nta davlat (AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Albaniya, Gana, Irlandiya, Keniya, Meksika, Norvegiya, BAA) loyihani qo‘llab-quvvatladi, yana to‘rttasi (Xitoy, Hindiston, Braziliya, Gabon) betaraf qoldi.
30-sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Xerson va Zaporojye viloyatlarining Rossiyaga “qo‘shilishi” to‘g‘risidagi shartnomalarni imzoladi. Anneksiya bir necha kun ichida Konstitutsiyaviy sud tomonidan ma’qullanib, Duma va Federatsiya Kengashi tomonidan tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng rasmiylashtirilishi kutilmoqda.
Izoh (0)