O‘zbekiston diplomatiya missiyasi xodimlari 27—29-sentabr kunlari Malayziyada bo‘lib o‘tayotgan “SmartNation-2022” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.
Ko‘rgazma 2009-yildan beri har yili Kuala-Lumpurda o‘tkaziladi. Unda 25 dan ortiq mamlakatdan 500 ga yaqin kompaniyalar o‘zlarining mingdan ortiq innovatsion texnologiyalari va yechimlarini namoyish etadi.
Ko‘rgazma doirasida ishtirokchilarga O‘zbekistonda axborot texnologiyalarini rivojlantirish sohasida olib borilayotgan islohotlar, IT Park Uzbekistan va “Bir million dasturchi” loyihalari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar taqdim etilgan.
Tadbir davomida, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchi Malayziya kompaniyalari bilan muzokaralar ham o‘tkazilgan. Xususan, “Aqlli shahar” platformasini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Kiwitech, innovatsion texnologiyalar asosida tibbiyot jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan PBUMed va dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi — Advanced Microelectronic Solution-AMS Sdn Bhd kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan.
“SmartNation-2022” axborot texnologiyalari, robototexnika, sun’iy intellekt, 5G texnologiyalari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, sanoat, moliya va ta’lim sohalarida qo‘llaniladigan dasturiy ta’minotlar sohasidagi eng so‘nggi innovatsiyalar xalqaro ko‘rgazmasi hisoblanadi.
Izoh (0)