Bundan qariyb bir oy avval xalqaro ekspertlar, olimlar, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus kuz mavsumi boshlanishi bilan dunyoda koronavirus infeksiyasi keskin avj olishidan jiddiy tashvishda edi. Ammo o‘tgan haftada koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi 18 foizga kamaydi.
JSSTning navbatdagi bayonotiga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida Yer sharining barcha nuqtalarida jami 3 million nafardan ortiq kishi COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan. Ulardan 9 ming nafarga yaqini kasallik oqibatida vafot etgan.
Qiyosiy ko‘rsatkichlarning tasdiqlashicha, 19—25-sentabr sanalarida koronavirusga chalinish holatlari undan avvalgi haftaga nisbatan 11 foizga, vafot etganlar soni esa 18 foizga kamaygan. Infeksiya aniqlanishi bilan bog‘liq sezilarli pasayish dinamikasi Afrika (-33 foiz) va G‘arbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida (-19 foiz) kuzatildi. O‘lim holatlari esa Afrikada 34, Yevropa va Sharqiy O‘rta Yer dengizi mintaqalarida esa 26 foizga kamaygan.
Hafta davomida ro‘yxatga olingan bemorlar soni bo‘yicha Yaponiya yetakchilik qildi — qariyb 536 ming kishi. Keyingi o‘rinni 361 mingdan ziyod holat bilan AQSH egalladi. Shuningdek, Rossiyada 354 mingga yaqin, Xitoyda 292 mingdan ortiq, Germaniyada esa 249 ming kishiga koronavirus tashxisi qo‘yildi.
Eng ko‘p bemorlar o‘limi AQSHda kuzatildi. Mamlakatda o‘tgan haftada 2484 kishi COVID-19 qurboniga aylandi. Qolaversa, Rossiyada 712, Yaponiyada 659, Xitoyda 497 va Braziliyada 450 nafar odam xastalik tufayli vafot etdi.
Izoh (0)