23-sentabr kuni Transport vazirligida Litva Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Qayd etilishicha, transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov hamda Litva tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mantas Adomenas boshchiligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Har ikki tomon vakillari mamlakatlar o‘rtasida transport va logistika yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha sharoitlar mavjud ekanini, imkoniyatlardan samarali foydalanish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini alohida ta’kidlagan.
Uchrashuvda joriy yil yakuniga qadar xalqaro avtomobil tashuvlari masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiya yig‘ilishini o‘tkazishga, 2023-yilning birinchi yarmida Litva transport va kommunikatsiya vazirining Toshkentga tashrifini tashkil etishga kelishib olingan.
Tomonlar, shuningdek, milliy tashuvchilarga viza tartibini soddalashtirish bilan bog‘liq masalalar xususida fikr almashgan.
Bo‘lib o‘tgan muloqot natijasida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olingan.
Izoh (0)