Finlyandiya hukumati Rossiya fuqarolarining mamlakatga kirishini, shuningdek, ularga viza berishni cheklash bo‘yicha fundamental qaror qabul qildi, deya xabar beradi “Lenta.ru”
Ma’lum qilinishicha, Finlyandiya prezidenti Sauli Niiniste hamda tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati vazirlari qo‘mitasining 23-sentabr, juma kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishida shunday qaror qabul qilingan. Shuningdek, cheklovlarning boshlanish sanasi aniqlanmagan.
“Respublika prezidenti va Vazirlar Kengashi qo‘mitasi Finlyandiyaning xalqaro obro‘-e’tiboriga jiddiy zarar yetkazganligi sababli Rossiya fuqarolarining mamlakatga kirishini va vizalar berishni sezilarli darajada cheklash bo‘yicha fundamental qaror qabul qildi”, — deyiladi xabarda.
Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto matbuot brifingida qo‘shimcha ma’lumot berishi kutilmoqda.
Sentyabr boshida Finlyandiya hukumati Shengen vizasiga ega rossiyaliklarning mamlakat hududi orqali tranzitini taqiqlash ustida ishlayotgani xabar qilingandi. Bosh vazir Sanna Marinning so‘zlariga ko‘ra, hukumat bunday cheklovlar uchun qonuniy asos yaratmoqda.
Izoh (0)