Rossiya va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Van I Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida uchrashdi. Yig‘ilishda Van I Rossiya BMTdagi rolini davom ettirishi kerakligini aytdi.
“BMT binosi Qo‘shma Shtatlarda joylashgan bo‘lsa-da, tashkilot barchamizga tegishli. Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi va undagi muhim rolini davom etishi kerak. Hech kim Rossiyani bu huquqdan mahrum qila olmaydi”, — dedi Van I. Uning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy qo‘shma loyihalar ustida ishlashni davom ettirishga tayyor.
Suhbat chog‘ida ikki davlat vakillari Ukrainadagi vaziyatning rivojlanishini ham muhokama qildi, deb xabar berdi Rossiya TIV. Vazirlik bayonotida aytilishicha, tomonlar Vashingtonning buzg‘unchi tashqi siyosatini, xususan, Tayvan bo‘g‘ozidagi provokatsion faoliyatini keskin tanqid qilgan, shuningdek, Ukraina, Afg‘oniston, Koreya yarimoroli atrofidagi vaziyat, yadro qurolini tarqatmaslik rejimiga rioya qilish kabi mavzularga to‘xtalgan.
BMT Xavfsizlik kengashiga 15 ta davlat a’zo — ulardan 5 tasi doimiy, 10 tasi doimiy emas. AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya kengashning doimiy a’zolaridir. Ular veto huquqiga ega. AQSH va Fransiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari sonini kengaytirish tarafdori. Xavfsizlik kengashi islohoti muhokamasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga kirganidan keyin boshlandi.
Izoh (0)