Prezidentning “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” xabar bermoqda.
Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-oktabrdan:
- kasanachiga ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 million so‘mdan 4,5 million so‘mgacha) oshiriladi;
- olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar o‘rtasida har yili bir marta har birining qiymati 50 million so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovi o‘tkaziladi;
- “Ayollar daftari”dagi kamida 5 ta ishsiz xotin-qizni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlar tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50 foiz miqdorda undiriladi;
- xodimlari umumiy sonining kamida 70 foizi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bo‘lgan kasanachilikni tashkil etgan va imtiyoz berilgan davrda ularning bandligini saqlab qolgan tadbirkorlar davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi to‘lovidan 2027-yil 1-oktabrgacha ozod etiladi.
- Har bir tuman (shahar)da xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari huzurida lider kasanachilarni jalb etgan holda “maslahat soatlari” joriy etiladi.
Izoh (0)