AQSH prezidenti Jo Bayden COVID-19 pandemiyasi tugaganini aytdi, ammo mamlakatda virus bilan bog‘liq “muammo” hamon saqlanib qolayotganini tan oldi.
“Haligacha COVID-19 bilan bog‘liq muammo bor. Biz bu borada qattiq ishlayapmiz. Ammo pandemiya tugadi”, — dedi Bayden CBS News telekanaliga bergan intervyusida.
“E’tibor bersangiz, hech kim niqob taqayotgani yo‘q. Aftidan, hammaning holati juda yaxshi. Shuning uchun men vaziyat o‘zgarmoqda deb hisoblayman”, — dedi u.
Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus COVID-19 pandemiyasining nihoyasi yaqinligini aytgandi.
“O‘tgan haftada COVID-o‘limlar haqida haftalik xabarlar soni 2020-yilning martidan beri eng kam bo‘ldi”, — dedi Gebreyesus.
Shu bilan birga, The New York Times nashriga ko‘ra, AQSHda haligacha COVID-19 dan kunlik o‘limlar soni o‘rtacha 400 dan ortmoqda. Pandemiya boshlanganidan beri 1 milliondan ortiq amerikaliklar virus oqibatida vafot etgan.
Izoh (0)