Turkiya Turkmaniston fuqarolari uchun mamlakatga vizasiz kirish rejimini bekor qildi. Tegishli farmonni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 13-sentabr kuni imzoladi, deb xabar beradi Atavatan-Turkmaniston.
Farmon Turkiya hukumatining 2007-yil 19-iyuldagi qarorini bekor qiladi, unga muvofiq Turkmaniston fuqarolari Turkiyada 30 kungacha turistik maqsadlarda vizasiz qolishi mumkin edi.
Avvalroq Turkmaniston hukumati o‘z fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qilish so‘rovi bilan Turkiyaga murojaat qilgani haqida xabar berilgandi.
Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi ushbu so‘rov maqsadini Turkmaniston fuqarolarining Turkiya respublikasida bo‘lish qoidalarini takomillashtirish va tizimli asosda joriy etish bilan izohlagan.
Turkiya tomonidan Turkmaniston fuqarolari uchun viza rejimi joriy etilishi xalqaro havo qatnovi qisman ochilgandan so‘ng u yerga pul ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan yuz minglab turkman muhojirlari va mamlakatning minglab aholisiga ta’sir qiladi.
Izoh (0)