Turkmaniston hukumati Turkiyadan o‘z fuqarolari uchun vaqtinchalik viza rejimi joriy etishni so‘radi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, vizalar “Turkmaniston fuqarolarining (Turkiyada) bo‘lish qoidalarini tizimli asosda takomillashtirish va saqlash maqsadida” joriy etilishi kerak. Ushbu qarorning sabablari haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Avgust oyi boshida Turkmaniston Turkiya bilan koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtatilgan aviaqatnovlarni tiklagani ma’lum bo‘ldi. Biroq Turkiyaga uchishdan oldin Turkmaniston fuqarolaridan Turkiya vizasini ko‘rsatish talab qilingan, ayrim yo‘lovchilar vizasi yo‘qligi sabab reyslarga qo‘yilmagan.
Bundan tashqari, turkman fuqarolari charter reys bilan uchish uchun Turkiya elchixonasidan tegishli “vaucher” olishi kerakligi haqida oldindan ogohlantirila boshlandi, deb yozadi Turkmen.news.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi nashrga ma’lum qilishicha, mamlakat Turkmaniston bilan 30 kunlik vizasiz rejimni hamon saqlab turibdi.
Turkiya — Turkmaniston fuqarolari orasida migratsiya uchun eng ommalashgan davlatlardan biri. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 120 mingga yaqin Turkmaniston fuqarosi istiqomat qiladi, ammo noqonuniy ravishda Turkiyada bo‘lib turgan turkmanistonliklar soni bundan ancha yuqori.
Iqtisodiy inqiroz va ishsizlik tufayli turkmanlar uzoq yillardan beri ishlash uchun Turkiya va Rossiyaga ketmoqda. 2021-yil iyul oyida “Azatlik” o‘z manbalariga tayanib, Turkmaniston aholisi soni 2,7 million kishiga kamayganini yozgan. 2020-yilgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmaniston aholisi 5,9 million kishini tashkil etadi.
Izoh (0)