1-sentabrdan boshlab “Gazprom” Fransiyaning Engie energetika kompaniyasiga iyul oyi uchun yetkazib berilgan mablag‘lar to‘lanmagani uchun gaz yetkazib berishni to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Shu munosabat bilan “Gazprom Eksport” Engie kompaniyasini 2022-yil 1-sentabrdan boshlab yetkazib berilgan gaz uchun mablag‘ kelib tushguniga qadar gaz yetkazib berishni to‘liq to‘xtatilishi haqida ma’lum qiladi, — deyiladi kompaniyaning Telegram-kanalida.
Engie “Gazprom”dan taxminan oyiga 150 million kubometr gaz olgan.
Rossiya gazi Fransiya ehtiyojlarining qariyb 17 foizini tashkil etdi. 17-iyun kuni Engie sho‘ba korxonasi bo‘lgan GRTGaz Fransiya Rossiya gazini quvurlar orqali qabul qilmasligini e’lon qilgandi.
Engie hozirda Jazoirning Sonatrach kompaniyasi bilan energiya importini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Avvalroq “Gazprom” bu qishda Yevropada gaz narxi ming kub metr uchun rekord darajadagi 4 ming dollardan oshishini prognoz qilgan edi.
Izoh (0)