Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Joriy yil iyun oyida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishdagi yutuqlar qayd etilgan.
Avgust oyi boshida qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, transport va savdo vazirlarining birinchi uchrashuvi o‘tkazilgan. Joriy yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 70 foizga oshgan. Qishloq xo‘jaligi, ipakchilik va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, kimyo va boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangan. O‘zbekiston—Ozarbayjon investitsiya fondini tez fursatda ishga tushirish ishlari olib borilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.
Davlat rahbarlari amaliy hamkorlikni rivojlantirish lozim ekanini ta’kidlagan. Kelgusi kuzda ikki mamlakat hududlari forumi va sanoat salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish muhimligi qayd etilgan.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashilgan. Bo‘lajak ko‘p tomonlama uchrashuvlar, shu jumladan, Samarqand shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarining rejasi va kun tartibi ko‘rib chiqilgan.
Izoh (0)