O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakat poytaxtida “Etihad Credit Insurance” va “G42” kompaniyalari hamda “Abu Dhabi Export Office” agentligi bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha taqdimotlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Ma’lum qilinishicha, taqdimotlarda O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikning istiqbollari haqida qator takliflar bildirildi. Shuningdek, BAA eksportida reeksportning o‘rni yuqori ekani inobatga olingan holda O‘zbekiston mahsulotlarini BAA orqali Fors ko‘rfazi va Afrika mamlakatlariga reeksport qilish imkoniyatlari ham atroflicha tahlil qilindi.
Tadbir chog‘ida “Etihad Credit Insurance” kompaniyasining sug‘urta xizmatlari yo‘nalishida O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi. Taqdimot doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida O‘zbekistonda xususiylashtirilishi rejalashtirilayotgan banklar imkoniyatlari hamda 29-sentabr kuni Dubayda bo‘lib o‘tadigan mahalliy banklarning “roudshou” tadbiri haqida fikr almashilar ekan, Amirliklar kompaniyasi unda qatnashishini ma’lum qilgan holda davlat banklarining xususiylashtirish jarayonida ishtirok etish yuzasidan ham qiziqish bildirdi.
“G42” kompaniyasi O‘zbekistonda “Abu Dhabi Ports” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand shahri aeroportida ma’lumotlar bazasi markazini qurish loyihasida ishtirok etayotganini hamda Toshkent shahri bo‘yicha “aqlli shahar” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki muzokaralarga kirishganini ma’lum qildi.
“Abu Dhabi Export Office” agentligi O‘zbekiston davlat idoralari hamda tijorat banklariga BAA kompaniyalaridan tovar (ish-xizmatlar) import qilinishi uchun mamlakatga kredit liniyalarini ajratishga tayyor ekani, bu sohada mahalliy tijorat banklari va davlat idoralari bilan hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdorlik bildirdi.
Muzokaralar so‘ngida O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi hamda tijorat banklari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Izoh (0)