Toshkentda juda ko‘p miqdorda pullarni o‘zlashtirgan MCHJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda poytaxt IIBB matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, E.E. (1991-yilda tug‘ilgan) va Z.G. (1988-yilda tug‘ilgan) 2022-yil 10-yanvar kuni “Rayyona Qutlug‘” nomli mas’uliyati cheklangan jamiyatni tashkil qilib, 1-avgustgacha faoliyat olib borgan.
Ular shu davrda fuqarolarga avtomashina hamda uy-joylarni boshlang‘ich to‘lovni 10 foizdan 50 foizgacha miqdorda to‘lab, qolgan pullarni 40 ish kunidan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib to‘lash imkonini beruvchi shartlar asosida olib berishi mumkinligini bildirgan.
Mijozlarni ishontirish maqsadida ular bilan shartnoma tuzgan. Biroq MCHJ mansabdor shaxslari fuqarolar tomonidan boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘langan pullarni, ya’ni dastlabki ma’lumotga ko‘ra 2 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi pullarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksi 167-moddasi (“o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)