Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi xonadonlarning birida 6-avgust kuni yong‘in kelib chiqdi. Holat yuzasidan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 10:15 atrofida tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga “Chuvilloq” mahallasi Chuvilloq qishlog‘ida yashovchi fuqaro S.A yashash xonadonida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga ko‘ra yong‘inga tuman favqulodda vaziyatlar bo’limidan 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi 10:43 da yetib borgan. Yong‘in soat taxminan 11:30 da butunlay bartaraf etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in oqibatida yashash uyining 120 metr kvadrat maydonda tom qismi zarar ko‘rgan, 200 metr kvadrat atrofidagi qismi saqlab qolingan. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Izoh (0)