Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur festivalning yakuniy marosimida ishtirok etgan “Daryo” muxbirlari tadbirning e’tiborga molik lahzalarini suratga oldi.
Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilgan festivalda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, sektor rahbarlari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari va xorijlik hamkorlar ishtirok etdi.
Festivalga tashrif buyurgan mehmonlar viloyatda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlari tomonidan ochiq maydonda tashkil etilgan ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi.
Festivalda viloyatdagi qirg‘iz, turk, nemis, tatar, tojik, rus hamda koreys milliy madaniy markazlari faollari o‘z odat va an’analari aks etgan chiqishlari bilan qatnashdi.
Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari tomonidan maxsus pavilyonlar tashkil etilib, o‘sha millatga xos urf-odatlar ko‘rsatib berildi, milliy taomlar va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, xalq amaliy san’ati — folklor namunalari namoyish qilindi.
Mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kunini nishonlashdan asosiy maqsad — turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yana-da mustahkamlashdan iborat. Ushbu kunda Vatanimizda istiqomat qilayotgan barcha millatlarning o‘z urf-odatlari va asriy qadriyatlari yana-da e’zozlanadi, ezgulik, birdamlik, tinchlik va osoyishtalik tarannum etiladi.
Festivalda Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan So‘x tumani nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli Suvxidin Sharofidinov, Wiedergeburt O‘zbekiston-nemis milliy madaniy markazining Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Valentina Millerning yutuqlari alohida e’tirof etildi.
Viloyatda faoliyat olib borayotgan koreys, tojik, yahudiy, turk, qirg‘iz, nemis, tatar, slavyan milliy madaniy markazlari rahbarlari viloyat hokimining faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Taniqli san’atkorlar hamda milliy madaniy markazlari ijodkorlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi bayram ishtirokchilariga ko‘tarinkilik ulashdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2021-yildan buyon 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi 2011-yilda qabul qilgan rezolyutsiyada xalqlar, davlatlar, madaniyatlar va insonlar o‘rtasidagi do‘stlik, tinchlikni ta’minlash bilan bog‘liq harakatlarga ilhomlantirish hamda madaniy xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatlar o‘rtasida ko‘priklar o‘rnatish maqsadida 30-iyul – Xalqaro do‘stlik kuni (International Day of Friendship) sifatida belgilangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari istiqomat qiladi. Shuningdek, yurtimizda ko‘plab milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Umumta’lim maktablarida o‘qitish yetti tilda olib boriladi.
Izoh (0)