Belarusning Gomel shahrida sud mamlakatda hibsda saqlanayotgan, Belarusning Belsat nashri bilan hamkorlik qilgan Polsha TVP jurnalisti Irina Slaunikovani besh yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda PAP nashri xabar berdi.
Jurnalist ayol “ekstremistik tuzilma yaratish”da ayblangan. Uning ustidan yopiq sud jarayoni bir oydan ortiq davom etgan.
Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy jurnalistga o‘qilgan hukmni qoraladi va Tashqi ishlar vazirligining keskin munosabatini va’da qildi.
“Matbuot erkinligi, so‘z erkinligi va to‘siqlarsiz fikr bildirish huquqi demokratiyaning asosiy tamoyillaridir. Lukashenko rejimining jurnalist Irina Slaunikovaga nisbatan hukmi — 5 yillik qamoq mutlaq sharmandalik, barcha sivilizatsiya me’yorlarini, insoniy va jurnalistlar huquqlarini buzishdir”, — dedi Moravetskiy.
Belarusning inson huquqlarini himoya qilish markazi Vyasna ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Belarusda kamida 1253 nafar mahkum siyosiy mahbus hisoblanadi.
Izoh (0)