O‘zbekiston hujumchi Eldor Shomurodov “Roma”ning Isroildagi yig‘iniga olib ketilmadi va rimliklar safini tark etishga yaqin turibdi. Bu haqda futbolchining agenti Qahhor Mo‘minov ma’lum qildi.
“Roma” mavsumoldi yig‘ini doirasida 28-iyul kuni Isroilga yo‘l oldi va u yerda “Tottenhem”ga qarshi nazorat bahsida ishtirok etadi. Mazkur yig‘inga rimliklarning besh nafar futbolchisi jalb etilmagan, ular orasida Shomurodov ham bor. Karles Peres va Jordan Veretu jarohat bois Tel-Aviv safarini o‘tkazib yuborsa, Eldor Shomurodov, Kristian Volpato hamda Filippo Trippi murabbiylar shtabining qarori tufayli Rimda qolgan.
“Championat.asia” vaziyatga oydinlik kiritish uchun o‘zbekistonlik futbolchining agenti bilan bog‘landi. Qahhor Mo‘minov mijozi yaqin orada jamoani tark etishi va shu bois Isroilga bormaganini ma’lum qilgan.
Shomurodov 2021-yilning yozgi transfer oynasida 18 million yevro evaziga “Jenoa”dan “Roma”ga o‘tgandi. U “bo‘rilar”safida jami 40 ta o‘yin o‘tkazib, beshta gol va oltita golli uzatma amalga oshirdi.
Izoh (0)