Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchining opasi vafot etdi. Hodisa yuzasidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 28-iyul kuni maktabgacha ta’lim tashkilotida mazkur muassasaga qatnamaydigan, 2014-yilda tug‘ilgan S.X. singlisi A.X. bilan birgalikda bog‘chaga kelgan. Tayyorlov guruh tarbiyachisi S.X. hamda A.X.ning onasining iltimosiga ko‘ra, qonunga zid ravishda S.X.ni singlisi bilan bog‘chada qolishiga ruxsat bergan.
Tushlik paytida opa-singil S.X. va A.X. tashkilot hojatxonasiga chiqqan. Opasi hojatxona ichkarisiga kirgan paytda singlisi tashqaridan hojatxona eshigini ochib-yopib o‘ynagan. Shunda hojatxona eshigining oynasi sinib, shisha bo‘laklari S.X.ni jiddiy jarohatlagan.
Voqea joyida tashkilot hamshirasi tomonidan tezda birinchi yordam ko‘rsatilgan. Biroq S.X.ning jarohati chuqurligi sabab ko‘p qon yo‘qotish oqibatida qiz vafot etgan.
Holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi o‘rganish olib bormoqda.
Izoh (0)