Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zaruriyati asosiy Qonun qabul qilingandan keyin jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning rivojlanish tendensiyalaridan kelib chiqib hal etilgan.
Konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish va unga yangi institut va normalarni kiritish bir tomondan inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlarga ortga qaytmaydigan tus berish bo‘lsa, boshqa tomondan erishishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yadigan marralarni belgilash uchun ham zarurdir.
Joriy yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda asosiy qonunimizni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bidirilib, muhim vazifalar belgilab berildi.
Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik masalasini alohida aks ettirish ushbu vazifalardan biri sifatida taklif etildi.
Albatta Konstitutsiyamizning 37-moddasida majburiy mehnat taqiqlanishi to‘g‘risidagi qoida belgilangan. Ushbu qoidani rivojlantirgan holda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligini Konstitutsiya darajasida belgilash zaruriyati mavjud. Buning uchun O‘zbekiston oxirgi besh yil davomida qonunchiligini rivojlantirib, qo‘yilgan maqsadga erishishning huquqiy zamini yaratishi bilan bir vaqtda, mamlakatimiz bolalar mehnati va majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga ham erishdi.Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli barcha jabhalarda bo‘lgani kabi bolalar va majburiy mehnatga barham berish borasida aniq natijalarga erishildi.
Xususan, bu borada qonunchilik va tashkiliy-huquqiy baza mustahkamlanib, xalqaro standartlar implementatsiya qilindi, institutsional tizim rivojlantirildi hamda fuqarolik jamiyati va ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik faollashdi.Endigi bosqich Konstitutsiya darajasida bolalar mehnatidan foydalanishni cheklar ekanmiz, avvalo “bolalar mehnati” tushunchasiga aniqlik kiritish lozim.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bergan ta’rifga ko‘ra, bolalar mehnati deganda aqliy, jismoniy, ijtimoiy yoki axloqiy jihatdan bolalar uchun xavf tug‘diradigan yoki bolalarga zarar yetkazadigan, ularni maktabda o‘qish imkoniyatidan mahrum qiladigan ish va faoliyat turlari tushuniladi.
Shuningdek, bolalarning qulligi, ularning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan sharoitlarda ishlatish va katta shaharlar ko‘chalarida yoshligidan mustaqil hayot kechirishga majbur qildirish ham bolalar mehnatining og‘ir shakllari hisoblanadi.Bolalar va o‘smirlarning sog‘lig‘i va rivojlanishiga ta’sir qilmaydigan, shuningdek ta’lim olishiga xalaqit bermaydigan ishlarni bajarishi bola mehnati sifatida baholanmaydi. Ushbu turdagi ishlarga bolaning ota-onasiga uy-ro‘zg‘or yumushlarida yoki oilaviy biznesda yordam berishi, maktabdan keyin yoki maktab ta’tilida kasb-hunar o‘rganishi kiradi. Bularning barchasi bolaning rivojlanishiga hissa qo‘shadi, bolaga jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun kelajakda zarur bo‘ladigan ko‘nikma va tajriba orttirishga yordam beradi.
Albatta, har qanday vaziyat va har qanday davlatga nisbatan mos keladigan “bolalar mehnati” tushunchasiga aniq ta’rif berish juda qiyin va buni XMT ekspertlari ham tan olishadi. Bolalar tomonidan bajarilishi mumkin bo‘lgan ish turlari va “bolalar mehnati” o‘rtasidagi farq har bir vaziyatda alohida baholanishi, ishni bajaradigan bolaning yoshi va jismoniy qobiliyatlari, bajarish sharoitlariga ahamiyat berish kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish asosan qishloq xo‘jaligi sohasida, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, paxta yig‘im-terim ishlariga maktab bolalari jalb qilinishi uchrab turar edi. Bunday salbiy holatlarning kelib chiqishining sabablari bir nechta bo‘lsa-da, asosiy omil bu paxta yetishtirishda davlatning yakkahokimligi o‘rnatilganligi edi.
Davlat rahbarining jamiyatdagi mavjud muammolarni, xususan majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanish kabi salbiy holatlarni ochiq tan olib ularni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslari barchani bu yo‘lda bir tan-u bir jon bo‘lib birlashishiga olib keldi.
2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha alohida strategiyaning qabul qilinganligi natijasida agrobiznes uchun qulay muhit yaratishga, investitsiya jalb etuvchanligini oshirishga, bozor prinsiplarini keng joriy etishga, shuningdek, mehnatni mexanizatsiyalashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Paxta yetishtirishda bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usuli – klaster tizimi joriy etildi. Paxta terimchilari mehnatiga munosib haq to‘lash choralari ko‘rildi. Misol uchun, 2021 yilda 1 kg qo‘lda terilgan paxta xomashyosi uchun to‘lov 2015 yilga nisbatan qariyb 10 barobar oshirildi.
Mazkur islohotlar amalga oshirilgunga qadar har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Ayniqsa, bu ishlarga o‘qituvchi-muallimlar, ayrim joylarda o‘quvchilar ham, to‘rt oygacha paxta yig‘im-terimiga jalb qilinishi natijasida ta’lim sifati ham murakkab ahvolga kelib qolgan edi. Qabul qilingan to‘g‘ri qarorlar natijasida bunday salbiy holatlar endi tarixda qoldi.
Amalga oshirilgan ishlar samarasi xalqaro tashkilotlar, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda.Joriy yilning 1-mart kuni Xalqaro mehnat tashkiloti “O‘zbek paxtasi tizimli bolalar mehnati va majburiy mehnatdan xoli” deb nomlangan hisobotini e’lon qildi. XMT va Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tgan yetti yil davomida o‘tkazilgan monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, 2021 yilga kelib paxta yig‘im-terimlarida bolalar mehnati umuman aniqlangani yo‘q, yig‘im-terim ishlariga majburiy jalb qilinganligi bo‘yicha esa so‘rovda ishtirok etganlarning atigi 0,59 foizi bildirgan xolos.Ushbu yutuqlarga ayniqsa 2021 yilda, ya’ni BMT tomonidan e’lon qilingan Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida erishganimiz ham ramziy ma’noga ega deb o‘ylayman.
Paxtani yetishtirish va uni yig‘ib olish jarayonida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berilishiga erishganimiz va uning xalqaro hamjamiyat tomonidan ham tan olinishi tom ma’noda Yangi O‘zbekiston erishgan tarixiy yutuqlardan biri deb atasak bo‘ladi.
Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi tomonidan 2009 yilda o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykot 2022 yil 10 mart kuni rasman bekor qilindi.
Koalitsiya rahbariyati bu tarixiy yutuq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining majburiy mehnatga barham berish va paxtachilik sohasini rivojlantirish yo‘lida tashabbus ko‘rsatishi va islohotlar amalga oshirilishi natijasi ekanini ta’kidladi.
O‘z navbatida, o‘zbek paxtasiga boykotning bekor qilinishi, ayniqsa, qishloq joylarda millionlab yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, respublika to‘qimachilik sanoatiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonning eksport salohiyatini kengaytirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, dunyoga mashhur tekstil mahsulotlari ishlab chiquvchilar va riteylerlar mamlakatimiz paxtasidan tayyorlangan mahsulotlarni butun dunyo bo‘ylab sotishi imkoni paydo bo‘ldi.
Qayd etish kerakki, bolalar mehnati faqat paxta yig‘im-terimida emas, balki boshqa sohalarda ham uchrab turibdi. Bolalar mehnatidan foydalanish aksariyat hollarda oila daromadlarining yetarli bo‘lmaganligi oqibatida yuzaga kelmoqda.Kambag‘allikni qisqartirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish yo‘nalishdagi ishlar bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Joylarda mahallabay ishlash asosida yordamga muhtoj fuqarolarga o‘z ishini boshlash uchun subsidiya va grant mablag‘lari ajratilmoqda.
Davlatning ijtimoiy yordami aniq va manzilli amalga oshirilishi uchun “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi ro‘yxatlar shakllantirilib, ushbu daftarlarga kiritilgan fuqarolarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ko‘rilayotgan choralar oilalarning moddiy ahvoli yaxshilanishiga va bolalar mehnatidan foydalanish yanada qisqarishiga olib keladi.Konstitutsiyamizda bola mehnatidan foydalanishni taqiqlashni nazarda tutadigan qoidaning kiritilishi O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro hujjatlarga ham to‘la mos keladi.
Chunonchi, O‘zbekiston qo‘shilgan va ratifikatsiya qilgan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya, Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi Konvensiya, Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risidagi 182-son-Konvensiya, Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyalarda bolalar mehnatini cheklash, uning eng yomon shakllariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlatlarning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlari belgilangan.
2020 yilda voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanish va majburiy mehnatga jalb qilish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Qonunchiligimizning ushbu masala bo‘yicha takomillashtirilganligi natijasida real natijalarga erishish mumkinligi guvohi bo‘lyapmiz va bola mehnatidan foydalanishni cheklashni nazarda tutadigan qoidaning Konstitutsiyamiz darajasida belgilanishi islohotlarning ortga qaytmas xarakter berilishiga olib keladi.
Bola huquqlarini ta’minlashga qaratilgan harakatlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga to‘la hamohangdir. Xususan, Barqaror taraqqiyot maqsadlarining 8.7-bandiga ko‘ra 2025 yilgacha bolalar mehnatining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha zudlik bilan samarali choralar ko‘rishni nazarda tutgan. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha alohida norma kiritilsa, ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati oldida qat’iy va o‘zgarmas pozitsiyasi mavjudligi bo‘yicha ishora ham hisoblanar edi.
Bolalar mehnatini taqiqlovchi normalar Armaniston, Vengriya, Isroil, Portugaliya, Tojikiston, Ukraina, Xorvatiya va Qirg‘iziston kabi davlatlarning Konstitutsiyalarida alohida belgilab qo‘yilgan.
Bolalarning barvaqt mehnat qilishi ularning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladi va kelgusida jamiyatimizning savodsiz, jismonan va intellektual jihatdan cheklangan a’zosi bo‘lib qoladi, ularda kambag‘allik asiridan chiqib ketish imkoniyati deyarli bo‘lmay qoladi. Xuddi shunday ularning bolalarida ham kelgusida rivojlanish uchun imkoniyat kamayib boraveradi va bu jamiyatning rivojlanishiga hech qanday hissa qo‘shmaydi.
Shuning uchun bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha alohida normani Konstitutsiya darajasida belgilashimiz, bu yo‘lda erishilgan yutuqlarimizni mustahkamlash va amalga oshirgan islohotlarga ortga qaytmas tus berish uchun, inson kapitalini rivojlantirish va raqobatbardosh kadrlarni voyaga yetkazish uchun, bolalar mehnatining eng yomon shakllariga toqatsizlik kayfiyatini shakllantirish uchun va bolalarimizdan bolalikni mahrum qilmaslik uchun kerakdir.
Kulizoda Javohir, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari
Izoh (0)