Suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari va boshqalar mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, juda ko‘p miqdorda jamiyat manfaatlariga zarar yetkazgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati ma’lum qildi.
Mutasaddi idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Suzish federatsiyasida sohaga ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi o‘rganilgan. Unda aniqlanishicha, terma jamoa hamda uning zaxirasi tarkibiga kiritilmagan fuqaro Rossiyaning Volgograd shahrida o‘tkazilgan xalqaro yig‘inga yuborilib, 72 million so‘m budjet mablag‘lari asossiz ishlatilgan.
Shuningdek, 2021-yilning oktabr—dekabr oylarida jami 287 nafar sportchi “D” MCHJga qarashli mehmonxona xizmatidan foydalanmagan bo‘lsa ham, foydalanganlik haqida elektron hisob-fakturalarga soxta yozuvlar kiritgan holda 1 milliard so‘mlik pul mablag‘i talon-toroj qilingan.
Mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)