Qirg‘izistonda COVID-19 ga qarshi jamoaviy immunitet shakllangan, dedi respublika sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Jarkinbek Qosimbekov brifingda.
“COVID-19 bilan yashashga ko‘nikishimiz zarur, hozirga kelib mamlakatda jamoaviy immunitet shakllangan. Shifokorlar virusni qanday davolashni o‘rgandi, muolaja uchun mablag‘ va dori-darmonlar yetarli”, — dedi u.
“Agar zarurat tug‘ilsa, biz, deylik, Qozog‘iston kabi qisman cheklovlarga o‘tamiz. Ammo hozirda epidemiologik vaziyat bo‘yicha alohida tashvishga o‘rin yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi rasmiy.
Qosimbekovning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda “jami 6,1 million doza vaksina xarid qilingan, shundan 3,5 million dozasi ishlatilgan, 267 ming dozasi hisobdan chiqarilgan, COVAX dasturi doirasida yaqin kunlarda Pfizer vaksinasining yana 100 ming dozasi yetkazib berilishi kutilmoqda”.
Ta’kidlanishicha, Qirg‘izistonning 1,5 million fuqarosi COVID-vaksinalarning bir dozasi bilan, 1,3 million kishi ikki dozasi bilan emlangan. COVAX dasturi doirasida respublikaga 1,4 million dozadan ortiq dori vositalari yetkazib berilgan, 2,4 million doza respublika budjeti hisobidan xarid qilingan, qariyb 2,3 million doza insonparvarlik yordami sifatida keltirilgan.
Qirg‘izistonda koronavirusga qarshi ommaviy emlash 2021-yilning 11-iyulidan boshlangan edi. Mamlakatda “Sputnik V”, “Sputnik Layt”, Pfizer, Sinopharm, SinoVac, AstraZeneca, QazVac kabi vaksinalar bilan emlanish mumkin.
Izoh (0)