Ukraina urushda qatnashayotgan rossiyaliklarning qarindoshlariga sanksiyalar qo‘llanishini ta’minlashga harakat qilmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak “Novoye vremya” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Bugun tuprog‘imizga qadam qo‘ygan har bir askar, uning yaqinlari, farzandlari, oilasi ham sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lishini istayman. Ular shuni bilishi kerakki, agar sen ukrainaliklarni o‘ldirish uchun kelgan bo‘lsang, bolalaring rivojlangan mamlakatlarga o‘qishga borma olmasligi shart.Yermak bunday cheklovchi choralarni joriy etishga erishish “yuridik nuqtai nazardan qiyin” ekanini tan oldi. “Ammo biz bu askarlarning oilalari Turkiyaga ta’tilga ham keta olmasligi ustida ishlayapmiz. Bugun bu qiyin, ammo kelajakda biz bunga albatta erishamiz”, — dedi u.
Hozirda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya harbiy qo‘mondonligi vakillari, shuningdek, Ukraina hududida noqonuniy harakatlarda, masalan, Bucha shahrida tinch aholini o‘ldirishda ishtirok etganlikda gumon qilinayotgan harbiy xizmatchilar kiritilgan. Ayrim rossiyalik tadbirkor va siyosatchilarning yaqinlari sanksiyalar ostida. Masalan, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qizlari va sobiq rafiqasi, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning rafiqasi va bolalari “qora ro‘yxat”ga kirgan.
Izoh (0)