Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv shaharchasi hududidagi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar havoni ifloslantirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Davlat ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, mazkur hududda joylashgan korxonalarga qo‘mitaning mobil ekologik laboratoriyasi jalb qilinib, havodan namunalar olindi va tahlil amalga oshirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, havoni ifloslantiruvchi moddalar 4 ta nuqtada 1,5 dan 23,6 martaga va 2 ta nuqtada 3,2 dan 4,6 martaga belgilangan me’yorlardan ortiqligi aniqlangan.
Hududda joylashgan ishlab chiqarish korxonalaridan chiqayotgan chang va gazlarni kamaytirish, atrof-muhit ifloslanishini oldini olish maqsadida 12 ta korxonalarda tekshirishlar amalga oshirildi.
Tekshiruv davomida “Olmos gips” MCHJ, “Imkon gips” XK, “Fayz gips” XK tomonidan gips ishlab chiqarish sexi uchun chang-gaz ushlash qurilmasi o‘rnatilmagani, davlat ekologik ekspertiza xulosalari olinmagani, “Yevro global gips” XK, Gold Gisp Card MCHJ tomonidan o‘rnatilgan chang-gaz ushlash qurilmalari talab darajasida emasligi aniqlangan.
Atmosfera havosiga tashlangan gips changi va atrof-muhitga chiqarilgan gips tosh chiqindilar uchun qo‘shimcha kompensatsiya summalari hisoblanib, vakolat doirasida 5 ta: “Olmos gips” MCHJ, “Yevro global gips” XK, “Imkon gips” XK, “Fayz gips” XK va Gips Group National MCHJlar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilib, tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablari bajarilishi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Ta’kidlanishicha, belgilangan muddatda ekologik talablar bajarilmaganligi sababli korxonalar faoliyatini to‘xtatish uchun Iqtisodiy ishlar bo‘yicha O‘zbekiston tumanlararo sudiga hujjatlar taqdim etilgan.
Davomiy ravishda 4 ta gips va 2 ta sement ishlab chiqarish korxonalar faoliyatida tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun va qonunosti hujjatlar ijrosini o‘rganish yuzasidan tekshirish o‘tkazilishi bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tumanidagi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablari asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida ishlab chiqarish korxonalarini ekologik talablar asosida modernizatsiyalash dasturi loyihasi ishlab chiqildi.
Dastur doirasida hududdagi ishlab chiqarish korxonalarida yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatiladi, shuningdek, Sho‘rsuv shaharchasidagi sanoat korxonalarini o‘z ichiga olgan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, atrof-muhitga kam ta’sir ko‘rsatuvchi “yashil texnologiyalar”ni qo‘llagan holda klaster usulida “kichik sanoat zonasi” tashkil etiladi.
Qo‘mitaning bildirilishicha, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun va qonunosti hujjatlar ijrosini o‘rganish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida viloyatning aynan shu hududida joylashgan ikki korxona faoliyati havoni ifloslantirayotgani uchun vaqtincha to‘xtatilgandi.
Izoh (0)